O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“TISOVIR” (favipiravir) preparati reklamasi yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

So‘nggi paytlarda OAVda, jumladan internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegramm kanallarda “Koronavirusga qarshi preparat yana-da arzonroq va qulayroq. “TISOVIR” (favipiravir) keng taʼsir doiradagi virusga qarshi preparat!” reklama videoroligi keng tarqalgan bo‘lib, bu ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
“Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan, shifokorning ko‘rsatmasi (retsepti) bo‘yicha beriladigan dori vositalari hamda tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari bo‘lgan dori vositalarini reklama qilish taqiqlanadi.

Retsept bilan beriladigan dori vositalarining reklamasiga faqat dori-darmon vositalarini tayinlash va tarqatish huquqi bo‘lgan mutaxassislar tomonidan farmatsevtika sohasiga oid maʼlumot-axborot markazlari yordamida, ixtisoslashgan maxsus nashrlarda, konferensiya, simpiozum, ko‘rgazmalarda yo‘l qo‘yiladi.

Ommaviy axborot vositalarida faqatgina shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalarini reklama qilishga ruxsat etiladi, bunda, shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalari reklamasi tushunarli tilda bayon qilinishi, dori vositasining to‘liq nomi (shu jumladan, xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi hamda dori vositasidan foydalanish haqidagi axborot va uni qo‘llash uchun asosiy ko‘rsatmalardan iborat bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, dori vositalari, davolash usullari, umuman, inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgan reklamalar isteʼmolchilarda shifokor ko‘rigidan o‘tish va uning ko‘rsatmalariga zarurat mavjud emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan “TISOVIR” (favipiravir) keng taʼsir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, SARS-Co-V2 yangi koronavirus infeksiyasi qo‘zg‘atuvchisini (Covid-19) ingibirlaydi. “TISOVIR” (favipiravir) O‘zbekiston Respublikasi va boshqa yetakchi davlatlarning SARS-Co-V2 ga qarshi davolash standartlarida mavjud” mazmunida reklama axborotlari joylashtirilganligi kuzatildi.

birinchidan, ushbu dori vositasi shifokor retsepti asosida beriladigan preparat hisoblanadi. Shu munosabat bilan, uni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik uchun reklama qilish mumkin emas.

ikkinchidan, reklamada qo‘llanilgan “keng taʼsir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, SARS-Co-V2 yangi koronavirus infeksiyasi qo‘zg‘atuvchisini (Covid-19) ingibirlaydi” iborasi umuman (ilmiy, amaliy) asoslanmagan, yaʼni noto‘g‘ri reklama hisoblanadi.

Yuqoridagilarga asosan, “TISOVIR” (favipiravir) dori vositasi reklamasi amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda joylashtirilgan. O‘z navbatida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalarida (televideniye, radio, bosma nashrlar), internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama axborotlarining reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan doimiy ravishda monitoring kuzatuvlari o‘tkazish hamda tegishli tezkor taʼsir choralarini ko‘rish yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, joriy yilning iyun-iyul oylari davomida ijtimoiy tarmoqlarda 30 ta holatda biologik faol qo‘shimchalar (BAD) reklamasi amaldagi reklama qonun hujjatlari talbalariga zid ravishda amalga oshirilayotganligi aniqlanib, ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ular faoliyatiga chek qo‘yilgan (reklamalar bartaraf etilgan).

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech