O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

«Boysun-farm» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?

Prezidentimizning 2017 yil 3 maydagi PF-5032-sonli farmoyishi bilan Surxondaryo viloyati Boysun tumani, “Sayrob” shirkat xo‘jaligi “Xo‘jabulg‘on” uchastkasida 39 gektar hududda “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etilgan bo‘lib, tumanni farmatsevtika sanoati markaziga aylantirish, xorijiy investitsiyalar jalb etish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish maqsadida 15 xil tibbiyot buyumlar va dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkillashtirish bo‘yicha 44,2 mln. AQSH dollari qiymatidagi loyixa smetasi ishlab chiqilgan.

Direksiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari esa qo‘yidagilardan iborat:

“Boysun-farm” EIZ qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning reyestrini yuritish, ularga tegishli guvohnomalar berish;

“Boysun-farm” EIZ hududida “Boysun-farm” EIZ qatnashchilari hisoblanmaydigan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisobini yuritish;

belgilangan tartibda tanlangan investorlar bilan Surxondaryo viloyatining erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari Maʼmuriy kengashi (keyingi o‘rinlarda Maʼmuriy kengash deb ataladi) qarorlariga muvofiq “Boysun-farm” EIZ hududida investitsiya kiritish to‘g‘risida bitimlar, “Boysun-farm” EIZ qatnashchilari bilan davlat mulki bo‘lgan faoliyat ko‘rsatmayotgan tashkilotlarni va mol-mulkni nulga teng xarid qiymati bo‘yicha sotish to‘g‘risida shartnomalar tuzish;

belgilangan tartibda tanlangan investorlar tomonidan o‘z zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarning zarur darajada bajarilishini nazorat qilish, keyinchalik uning natijalarini Maʼmuriy kengashga taqdim etish;

“Boysun-farm” EIZ hududida farmatsevtika mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni qidirish va jalb etish;

ishlab chiqilgan “Boysun-farm” EIZ bosh rejasi va Maʼmuriy kengash qarorlari bilan maʼqullangan investitsiya loyihalarini joylashtirish;

dorivor o‘simliklarning sanoat plantatsiyalari tashkil etilishida ishtirok etish, keyinchalik dori vositalari chuqur qayta ishlanishi va ishlab chiqarilishini tashkil etish;

“Boysun-farm” EIZ hududida joylashgan davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini Direksiyaga berilgan vakolatlar doirasida boshqarish;

“Boysun-farm” EIZ qatnashchilariga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, tashkilotlarni ishga tushirish va ularning faoliyati uchun zarur bo‘lgan infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, kirish yo‘llari va boshqalar) bilan taʼminlash bilan bog‘liq masalalarni hal etishda ko‘maklashish;

“Boysun-farm” EIZ qatnashchilariga, shu jumladan davlat organlarida ularning manfaatlarini ifodalash yo‘li bilan xizmatlar ko‘rsatish;

Maʼmuriy kengash vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha uning majlislarida ko‘rib chiqish uchun materiallar tayyorlash;

“Boysun-farm” EIZ faoliyatini operativ boshqarish bo‘yicha boshqa funksiyalarni amalga oshirish.

Qonun hujjatlarida ushbu Ustavda nazarda tutilgan tegishli faoliyat turining litsenziyalanishi zarurligi belgilangan taqdirda, Direksiya faoliyatning ushbu turini litsenziya olmasdan, tegishli litsenziyalovchi organ bilan tuzilgan litsenziya bitimi asosida amalga oshirishga haqlidir.

Direksiya O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirishi mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech