O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Mutaxassis tavsiyasi: Niqobingizni iyak ustiga tushirmang

“COVID-19” infeksiyasi tarqalishi dunyo miqyosida hali-hanuz katta muammo bo‘lib qolmoqda. O‘tgan fursat davomida bu infeksiyadan saqlanishning birinchi yo‘li shaxsiy gigiyenaga va karantin qoidalariga rioya qilish ekani maʼlum bo‘ldi. Bu qoidalarning birinchi talabi esa, niqob taqib yurish hisoblanadi. Niqob bizni infeksiyadan qanchalik himoya qila olishi haqidagi savollarimizga SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi.

— Niqob taqish insonni infeksiya yuqtirishdan necha foiz saqlab qola oladi?

— Niqob taqib yurish karantin qoidalarining birinchi talabidir. Agar koronavirusga chalingan va uning tashuvchisi bo‘lgan inson niqob taqmasa, u bilan muloqotda bo‘lgan inson niqobda bo‘lsa infeksiya yuqish ehtimoli 70 foizni tashkil qiladi. Agar koronavirusga chalingan va uning tashuvchisi niqob taqqan bo‘lsa-yu, muloqotda bo‘lgan inson niqobsiz bo‘lsa, unda virus yuqish ehtimoli 5 foiz hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, avvalo, kasallikka chalingan insonlar niqob taqib yurishlari shart.
Siz men kasal emasman, niqob taqmasam ham bo‘ladi, deyishga shoshilmang. Boisi kasallikning yashirin davrida alomatlarni sezmasligingiz va uni tarqatuvchi bo‘lishingiz mumkin. Shuningdek, sog‘lom odamning niqob taqishi ham virus yuqishi oldini olishini ham unutmang. Sababi agar har ikkala shaxs niqob taqib turgan bo‘lsa, virus yuqish ehtimoli atigi 1,5 foizni tashkil etadi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan.

— Ko‘pchilik niqobni iyak ustiga tushirib yurishmoqda. Buning qanday zararli tomonlari bor?

— Agar siz ovqatlanayotgan yoki niqobni yechib qo‘yishni taqazo etadigan boshqa amaliyotni bajarayotgan bo‘lsangiz uni iyagingizga tushirib qo‘yishdan ko‘ra, butkul yechib qo‘yganingiz maqul. Sababi iyak usti kishining ochiq aʼzosi bo‘lib, turli virus va infeksiyalar yopishgan bo‘lishi mumkin. Niqobni iyagingizga tushirsangiz, uning ichki qismiga viruslar o‘rnashib oladi. Uni og‘iz burningizga olib borganda esa, zararlanishingiz ehtimoli ortadi. Shu bois, niqobni bunday hollarda yechib qo‘yish tavsiya etiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech