O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“1146” qisqa raqamli ishonch telefoni ishga tushirilmoqda. Bu raqamga nima maqsadda murojaat qilish mumkin?

Yurtimiz xotin-qizlarining oilaviy turmush muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish, hayotiy haq-huquqlarini munosib himoya qilish, ularning maishiy zo‘ravonlik qurboniga aylanib qolishlarini oldini olish, hayotini qayta yo‘lga qo‘yishda moddiy va maʼnaviy, tibbiy-psixologik yordam berish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining “1146”qisqa raqamli Ishonch telefoni o‘z faoliyatini boshlamoqda. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlumki, mazkur “1146” qisqa raqamli Ishonch telefoni ish-faoliyati muqaddam Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan olib borilgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishni oldini olish Respublika markazi qoshida mazkur Ishonch telefoni faoliyatini joriy yilning 10 oktyabr sanasidan yo‘lga qo‘yish va uni moliyalashtirish bo‘yicha BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan o‘zaro kelishuvga erishdi.
Hozirda zarur tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Ishonch telefoni orqali zo‘ravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlarga hayotidagi mavjud og‘ir vaziyatlardan chiqishlariga yordam berilib, ularga zarur ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beriladi.
➖ murojaatchi xotin-qizlarning xohishiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaat mazmuni sir saqlanadi.
➖ o‘z atrofidagi xotin-qizlarning haq-huquqlari toptalayotganligiga guvoh bo‘layotgan yoki boshqa salbiy holatlarga duch kelgan yurtdoshlarimiz ham “1146” Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqida xabar berishlari mumkin.

Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha fuqarolarni yon-atrofingizda:
➖ nohaq tahqirlanayotgan;
➖tazyiqqa, zo‘ravonlikka duch kelayotgan;
➖ shaʼni, qadr-qimmati toptalayotgan;
➖ huquqlari poymol etilayotgan xotin-qizlar hayotiga befarq bo‘lmasliklari, ularni munosib himoya qilib, turli zo‘ravonliklar qurboniga aylanmasliklari uchun birgalikda kurashishga chaqiramiz.

Unutmangki, Xotin-qizlar huquqlarini munosib himoya qilish, ularning turmush hayotidagi maishiy muammolar hamda zo‘ravonliklardan asrash, turli ko‘ngilsiz holatlarni oldini olishga har birimiz masʼul va javobgarmiz.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech