O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

4000 yil ilgari misrlik jarrohlar zamonaviy shifokorlardan-da mahoratli va tajribali bo‘lishgani tahmin qilinmoqda

Ko‘p yillar mobaynida Misr mo‘miyolarini o‘rganish davomida aql bovar qilmas kashfiyot qilindi: 4000 yil ilgari misrlik jarrohlar zamonaviy shifokorlardan-da mahoratli va tajribali bo‘lishgani tahmin qilinmoqda. Har holda doktor Habib Al-Hofiz shunday nuqtai nazarning muallifi sifatida ilm ahliga o‘zini tanitdi.

Uning izlanishlari natijasi o‘laroq, yurakni shuntlash (bunda venaning bir qismi aortaga ulab qo‘yiladi, natijada qon aylanishi yurakning zararlangan qismini chetlab o‘tadi), yuzning plastik operatsiyalari kabi jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilganiga ishonch hosil qilingan. Bu uzoq o‘tmish shifokorlari texnika taraqqiyoti yuksak deb tan olinayotgan bugungi kunda ham insoniyat amalga oshira olmaydigan davolash tadbirlari va ishlari, yana-da aniqroq aytadigan bo‘lsak, murakkab jarrohlik operatsiyalarini ham amalga oshirgan degani.

- Qadimda shifokorlar hozirgi olimlarga nisbatan inson organizmi haqida ko‘proq maʼlumotga ega bo‘lishgan, degan fikrdaman, - deya taʼkidlaydi doktor Al-Hofiz.

Uning miloddan oldingi 2700-1250 yillarga aloqador deya taxmin qilinayotgan 231ta qadimiy mo‘miyolar ustida olib borgan ikki yillik tadqiqotlari natijasi arxeologlar va tarixchilar olamida haqiqiy shov-shuv bo‘ldi. Gap shundaki, izlanishlardan mo‘miyolardan birida transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazilganligi maʼlum bo‘ldi. Bu o‘z navbatida o‘tmish shifokorlari organizmning immunologik hujayralari o‘zga tana to‘qimasini qabul qilmasligining qanday qilib oldini olishni juda yaxshi bilgan degani.

Eng hayratlanarlisi, hozircha o‘ta mukammal deb tan olingan asboblar yordamida ham zamonaviy meditsina bu kabi operatsiyalarni o‘tkazishga qodir emas. Doktor Al-Hofizning fikricha, miloddan avvalgi 1900 yillardagi Qadimiy Misr tibbiyot texnologiyasi juda yuksak darajada bo‘lgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan davolash usullari va xizmatlari firʼavnlaru badavlat misrliklarga keyingi asrlarda ham ko‘rsatilardi. Lekin Misr Buyuk Iskandar tomonidan zabt etilganidan so‘ng ular unut bo‘lgan. Garchi bizgacha misrliklarning tibbiyot sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlari borasida birorta yozma maʼlumotlar saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, Misr shifokorlari ko‘plab davrlar davomida tabobat ilmining yetakchi darg‘alari ekanligiga mo‘miyolar xolis guvohlik berib kelmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech