O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmasevtika sohasi: yuqori ijtimoiy javobgarlik va zamon talablariga moslik

Farmasevtika sohasi: yuqori ijtimoiy javobgarlik va zamon talablariga moslik
Tan olish kerakki, bugungi kunda mahalliy farmasevtika sog‘liqni saqlash talablariga to‘laligicha javob bermaydi, ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmonlar importi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Davlat tomonidan mazkur vaziyatni o‘nglash choralari ko‘rilmoqda va bu hayot uchun zarur bo‘lgan segmentda ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Prezidentning 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmasevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi islohotlarni boshlab berdi.
U payt farmasevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmagan, mahalliy farmasevtik korxonalar faoliyati, jumladan aholi va sog‘liqni saqlash muassasalari ehtiyojini hisobga olgan holda kerakli mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonining tegishli tarzda muvofiqlashtirilishi ta’minlanmagan edi. Aynan shu masalalarning yechimini topish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Sohadagi vaziyatni keng tasavvur qilish uchun bir qancha raqamlarni keltirishning o‘zi kifoya. 2018 yilda O‘zbekiston tomonidan 800 mln dollarlik tibbiy preparatlar sotib olingan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 730 mln dollarni tashkil etdi. Pasayish kuzatildi, lekin sezilarli darajada emas. Ana shunda Prezidentning 2020 yil 28 yanvardagi «Tashkent Pharma Park» innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan Toshkent viloyatida klaster tashkil etildi.
Ayna shu hujjat bilan farmasevtika tarmog‘i, kosmetologiya, biznes yo‘nalishlari mutaxassislarini tayyorlovchi universitetga ham asos solindi.
Mazkur oliy o‘quv yurtini talabalarni o‘qitish bilan birga ilmiy tadqiqotlar olib borishga mo‘ljallangan kampusga aylantirish ko‘zda tutilgan. Kembridjdagi (70 ishtirokchi, 5 ming ish o‘rni), Myunxendagi, Dyusseldorf va Maynsdagi (214/115 ming), Shveysariyaning Bazelidagi (60/40 ming) farmasevtik sanoat hududlari asos qilib olindi. Yana Janubiy Koreyaning Farmasevtik klaster yaratish bo‘yicha tajribasidan foydalanildi.
Sohani rivojlantirishda muhim o‘rin tutgan navbatdagi hujjatlar Prezidentning 2022 yil 21 yanvardagi “2022 — 2026 yillarda respublikaning farmasevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va 2022 yil 26 oktyabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi.
Shu yo‘sinda davlat rahbarining farmoni bilan 2022-2026 yillarda farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha prognoz parametrlari hamda investision loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi. Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanida Tashkent Pharma Park klasteri maydonini kengaytirish uchun yana 80 gektar yer ajratildi.
Qaror bilan yangi dori vositalarini O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilandi, shifoxonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi. Shuningdek, shifoxonalar tomonidan birlamchi zarur bo‘ladigan zahira shakllantirildi, Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlarning kunlik qoldig‘i hamda narxlari shifoxonalarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi hamda muntazam yangilab borilishi ta’minlandi.
Prezident boshchiligi ostida 2023 yilning 28 noyabr kuni farmasevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston bu ikki tarmoqni rivojlantirish uchun ham zarur xomashyo va yetarli sharoitlarga ega.
Xususan, oxirgi olti yilda farmasevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar ko‘paygan. 525 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Lekin bu hali mavjud imkoniyat darajasida emas. Zero, yurtimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon iste’mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foiz, qolgani import hisobidan qoplanayapti.Davlat rahbari mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Bu borada xorij tajribasini o‘rganish, mashhur brendlarni mamlakatimizga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 turdagi dorini yurtimizda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish ko‘rsatmasi berildi.
Xususiy sherikni jalb etgan holda “Tashkent Pharma Park” klasteri qurilishini jadallashtirish zarurligi aytildi. Shuningdek, farmasevtika korxonalariga “GMP” xalqaro standartiga o‘tish va markirovkalash tizimini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashiladigan bo‘ldi. Umuman, sohada 1,9 milliard dollarlik 147 ta loyiha shakllantirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 600 million dollar yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Demak, sohadagi 2023 yil yakunlari qanday bo‘ldi? 4,3 trln so‘mlik farmasevtik mahsulot ishlab chiqarildi. 2022 yilda 4,1 trln so‘mlik mahsulot chiqarilgan bo‘lsa, o‘sish 108,3 foizni tashkil etganini ko‘rish mumkin. Mazkur mahsulotlar orasida 204 turdagi yangi preparatlar mavjudligi ham e’tiborga molik.
Ma’lumot uchun: o‘tgan yili ishlab chiqarilgan farmmahsulotning 3,2 trln so‘mligi dori vositalari, 814 mlrd so‘mligi – tibbiy buyumlar, 21 mlrd so‘mligi – tibbiy texnika, 287 mlrd so‘mligi – bioqo‘shimchalar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda respublikamizda 82 ta dori vositasi, 110 ta tibbiy buyum, 35 ta tibbiy texnika, 65 ta dorivor o‘simliklar, 134 ta BFQ ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda.
2023 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, mahalliy korxonalar tomonidan 129 mln dollarlik farmmahsulot eksport qilindi, 2022 yil bilan solishtirganda 144 foizlik o‘sish kuzatildi.
Bundan 12,5 mln dollarlik mahsulot – dori vositalari, 42,6 mln dollarligi – tibbiy buyumlar va uskunalar, 44,2 mln dollarligi – dorivor o‘simliklar va biologik faol qo‘shimchalar, 30 mln dollarligi – boshqa farmasevtik mahsulotlar (gigiyenik vositalar) hisobiga to‘g‘ri keladi.
Investisiya dasturiga kiritilgan 37 ta loyihani amalga oshirish natijasida 93,1 mln dollar miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi, jumladan, 26,8 mln dollarlik xorijiy investisiyalar jalb etildi.
2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston respublikasi farmasevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2020 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2023 yilda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi 4 ta korxona: “Sulton Med Pharm”, “Begzod-Farrux”, “Polidar Pharm”, “Romfarm NS” MCHJ hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi 6 ta korxona: “Subxon Yarash” XK, “Xojaobod mahsulot xizmat”, “Nam sof farm”, “Rin-Sal”, “Asilbek tibbiyot mahsulotlari”, “Le Uat De Bukhara” MCHJlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan bir qatorda, Tashkent Pharma Park innovasion ilmiy-ishlab chiqarish klasterining sanoat hududida amalga oshirilayotgan 9 ta investision loyiha doirasida 19 mln dollar miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi.
Bundan tashqari, klasterning ilmiy-ta’lim tarkibiy qismini yaratish (1-bosqich) doirasida Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi (EDCF) liniyasi bo‘yicha moliyalashtirish boshlandi.
Ma’lumot uchun: 2023 yilning dekabrida EDCF jamg‘armasi tomonidan koreys konsultantlarini yollashga 2,13 mln dollar mablag‘ ajratildi.
2023 yil O‘zbekistonda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deya e’lon qilingani bois Farmasevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mahalliy farmasevtik korxonalarning harajatlarini qoplashga 805 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
Davlat tomonidan ko‘rsatilgan bu e’tiborga javoban farmasevtlar ilg‘or xorijiy amaliyotlar va xalqaro standartlarni faol tatbiq eta boshlashdi. Xususan, GMP standartiga ega dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 40 ga yetkazildi. Ularning bozordagi ulushi 85 foizni tashkil etadi. Shuningdek, ulgurji faoliyat bilan shug'ullanuvchi korxonalarning 151 tasida GDP standarti joriy etildi, bu umumiy bozorning 65 foiziga teng. O‘zbekistonda "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili" yili deb e’lon qilingan 2024 yilda mahalliy farmasevtlar zimmasida bajarilishi kerak bo‘lgan katta ishlar turibdi. Xususan, farmasevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini 4,6 trln so‘mga yetkazish choralari ko‘riladi.
Eksport hajmini esa 200 mln dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda, o‘sish 153 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
28 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 152,5 mln dollar miqdoridagi investisiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi (145 foizga ko‘p) va 1478 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
“Parkent-farm”, “Bustonliq-farm”, “Andijon-farm”, “Kosonsoy-farm” va “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar to‘liq inventtarizatsiyadan o‘tkazilib, bo‘sh yerlarda yangi loyihalarni ishga tushirish choralari ko‘riladi.
Hududlarda sohani rivojlantirish masalalari yechimiga horijiy konsultant va mutaxassislar jalb qilinadi.
Transfer texnologiyasi va kafolatli xaridlarni qo‘llagan holda yirik kompaniyalarni jalb qilish choralari ko‘riladi.
Rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘laridan mahalliy korxonalar tomonidan farmasevtik mahsulotlar ishlab chiqarilishini tashkillashtirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga 100 mln dollar miqdorida kredit ajratiladi.
Ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati to‘liq zarur ishlab chiqarish amaliyoti xalqaro standarti (GMP) talablariga asosan, ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyati bo‘lsa zarur distribyuterlik amaliyoti (GDP) standartiga asosan tashkil etiladi. Xususan, 430 ta distribyutor bunday sertifikatlarni qo‘lga kiritishi lozim. Bu bilan bir qatorda barcha dorixona tarmoqlari (jami 7700 ta dorixona) zarur dorixona amaliyoti (GPP) standartlari bo‘yicha sertifikatlashtiriladi.
Umumiy olib qaralganda farmasevtika tarmog‘i vakillari bundan keyin ham mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish, O‘zbekiston aholisiga yuqori sifatli va hamyonbop dori vositalarini yetkazib berish, MDH davlatlari va boshqa mintaqalarga eksportni oshirish yo‘nalishlarida mehnat qilishda davom etadilar.
Abdulla Azizov.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech