O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Agentlik direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova: “Aholining tibbiy savodxonligini oshirish dolzarb masala”

Xabar berilganidek, joriy yilning 11 mart sanasida, O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2021 yil faoliyati yakunlari bo‘yicha hisoboti» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazilgan edi. Matbuot anjumanida muhokama qilingan mavzular yuzasidan Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova bilan suhbatlashdik.

Muhabbat opa, matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan keyingi vaqtlarda OAV va TV orqali namoyish etilayotgan dori vositalari reklamasining saviyasizligi, sifatsizligi bilan bog‘liq savollar berildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu borada salbiy fikrlar bildirilmoqda. Bu qanchalik o‘rinli savol?

Muhabbat Ibragimova: To‘g‘ri aytasiz, farmatsevtika sohasidagi deyarli aksariyat matbuot anjumanlarda shu mavzu ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida” qonun bor. Ushbu qonunning 14-moddasida dori vositalari va farmatsevtika bo‘yicha aniq maʼlumotlarni OAV orqali muntazam yoritib borish haqida ko‘rsatib o‘tilgan. Respublikamizda dori vositalari va farmatsevtikaga oid xabarlar joylashgan rasmiy veb-saytlar mavjud. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida ham www.uzpharmagency.uz rasmiy sayti hamda https://t.me/Uzpharm_agency telegram kanali ochilgan. Ushbu sayt va telegram kanal orqali yurtdoshlarimiz kerakli maʼlumotlarni olishlari mumkin. Har kuni kamida 4-5 ta xabar va maʼlumot qo‘yib boriladi. Fikrimcha, jurnalistlar bu mavzuga qiziqib uni tizimli o‘rganishmayapti. 

Ikkinchi sabab shundan iboratki, bu masala aholining tibbiy savodxonligi bilan chambarchas bog‘liq. Hamma qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlar mazkur muammoni bartaraf qilishga qaratilgan. 2022 yil 21 yanvarda qabul qilingan 55-sonli O‘zbekiston Respublikasining Prezident Farmonida dorixonalarni tartibga solish bo‘yicha meʼyorlar ko‘rsatilgan. Nazarimda, ushbu farmonning mazmun mohiyatini hozircha hamma to‘liq tushunib yetgani yo‘q. Hujjatda 2022 yil 1 apreldan boshlab 2024 yil 1 yanvargacha zarur dorixona amaliyotini talablarga muvofiq ravishda tashkil qilish va majburiy sertifikat olish ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, endilikda dorixona do‘kon bo‘lmaydi, har bir dori vositasini berish jarayonini o‘z tartibi bor, dorini realizatsiya qilish oldidan  bemorni ahvolini so‘rash kerak. Eng asosiysi, beriladigan dori vositalarini retsept asosida sotish tartibiga rioya qilish kerak. Qachon jamiyatda odamlar turli xizmatlarga nisbatan talabchan bo‘lsa, shundagina juda ko‘p muammolar hal bo‘la boshlaydi. Aholi o‘z haqqini bilsa natija beradi. Haqiqatdan ham bu dolzarb masala, OAV va jurnalistlar bu mavzuni muntazam yoritib borishlari zarur. Yaqinda chiqqan farmonga binoan farmatsevtika sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Biroq, bu masalani yechimini topish uchun odamlarning o‘zi ham kurashishi kerak. Yurtdoshlarmiz aholimiz o‘z xaq-huquqlarini bilishi, tibbiy madaniyatini oshirishi kerak. Qolaversa, dorixonalardan sotib olayotgan har bir dori vositasi, analoglari bo‘yicha maʼlumotlar bilan qiziqishi zarur. Agar dori vositasining narxi juda yuqori bo‘lsa yoki shubhali ko‘rinsa, xaridor dorixonadan preparatning hosil kilingan narx ustamalarni va reyestr bo‘yicha tasdiqlangan narxini so‘rashga haqli. Bunday holatlarda, isteʼmolchi reklama va narxlarni nazorat qiluvchi tegishli organlarga murojaat etsa, isteʼmolchilar tomonidan dorixonalar bo‘yicha nazorat kuchaytirilsa, bu ham samarali natijalarni berishi mumkin.

Baʼzi shifokorlarning turli farmkompaniyalarning distribyuterlari bilan kelishib ana shu dori vositasini bemorlarga tavsiya qilishi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bunday holatlar ham shifokor retseptisiz dori vositalarini xarid qilishiga ham turtki bo‘lmoqda. Bu kabi holatlarga sizning munosabatingiz qanday?

Muhabbat Ibragimova: Yuqorida aytib o‘tganimdek, aynan yangi O‘zbekiston Respublikasining  Prezident Farmoni va yaqinda yangi hujjat loyihasi “Sog‘liqni saqlash kodeks”ida mana shunday holatlarni oldini olish maqsadida alohida modda kiritilgan. Shifokorlarning farmatsevtika korxonalaridan sovg‘a olmasligi, ular tomonidan maxsus logotipdagi retsept blankalarni olmaslik, dori vositalarni ularning savdo nomlari bilan tayinlanishiga manfaatdor bo‘lmasligi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi tegishli bandlarda ham retsept bilan beriladigan dori vositalari retseptsiz berilishi uchun javobgarlik belgilab qo‘yilgan. Bunday holatlarga chek qo‘yilishi uchun nafaqat ushbu masalalar buyicha  davlat xizmatchilari, balki fuqarolar ham o‘z o‘zini davolash uchun harakat qilishlari kerak bo‘ladi. Odamlar o‘zining haq huquqlarini bilishlari, tibbiy savodxonlikni oshirib borishlari, shifokor qaysi dorini va nima uchun tavsiya qilayotganini so‘rashlari kerak. Keraksiz dori vositalarini retseptga kiritilganini sezgan holatda shifokordan tushuntirib berishini talab qilishlari kerak. JSSTda bir nechta indikatorlar mavjud. Ushbu indikatorlar bo‘yicha davlatga, sog‘likni saqlash sohasidagi davolash jarayonlariga baho beriladi. Inyeksion va antibiotik dori vositalarini nooqilona tayinlanishi va qo‘llanilishi darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan davlatda tibbiyot sohasi rivojlanmagan, insonlar sog‘lig‘i ham ayanchli deb baholanar ekan. Inyeksion dori vositalari aslida juda zarur holatlardagina, shoshilinch holatlarda va statsionarlarda davolashda berilishi kerak. Bizda esa bemorlarning o‘zlari osma ukollarni, inyeksion dori shakllari tez taʼsir kuchiga ega dori vositalarni tavsiya qilishini talab qilishadi. Shifokor tabletka ko‘rinishidagi dori vositasini tavsiya  qilsa, bemor uning taʼsiri kamroq, deb hisoblaydi. Qiziq maʼlumot, Xitoyda shpris va sistema tibbiy buyumlarini dorixonalarda sotilmas ekan. Sababi, bu muolaja faqat shifoxonalarda qilinar ekan. Bizda esa bemorlar bemalol uy sharoitida osma ukollar yordamida davolanishadi. Bu esa afsuski, ko‘p hollarda davolanish o‘rniga salbiy oqibatlarga olib kelishi, asoratlar qoldirishi mumkin. Yana qaytarib aytaman, aholining tibbiy savodxonligini oshirish bugungi kundagi eng muhim vazifa  deb hisoblayman. 

Shifokorlarning malakasini doimiy ravishda oshirib borish ham  nazarimda eng muhim masalalardan biri hisoblanadi, to‘g‘rimi? 

Muhabbat Ibragimova: Albatta. Hozirgi texnologiyalar davrida turli yangi tibbiy texnikalar kundan kunga rivojlanib bormoqda. Shifokor va farmatsevtlar doimiy ravishda akkreditatsiyadan o‘tishi bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va talab qilishni boshlash vaqti keldi. Xuddi chet davlatlari tajribalariga o‘xshab, agar akkreditatsiyadan mutaxassis o‘tmasa, shu sohada ishlashga ruxsat berilmaydi. Xususiy shifoxonalar, klinikalarda shifokor yoki hamshirada kategoriya bo‘lmasa ishga qabul qilinmaydi. Davlatga qarashli tibbiyot muassasalarida ham shu talablar qo‘yilsa, oylik maosh ham shunga yarasha oshirilsa, o‘ylaymanki, bu ijobiy natijalarga olib keladi. 

Matbuot anjumanida dorixonalarda farmatsevtlar ko‘p yillik tajribalariga suyanib turli xil dori vositalarni tavsiya qilish hollari kuzatilayotgani ham aytildi. Farmatsevtlar dori vositalarini tavsiya qilishga xaqlimi?

Muhabbat Ibragimova: Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ularda kasalliklar bo‘yicha bilim, hayotiy tajriba bo‘lishi mumkin, lekin sog‘likni saqlash sohasida hammaning o‘z vakolati bor. Davlat tomonidan normativ xujjatlari talablari asosida farmatsevtlarga berilgan vazifa va vakolatlar bor. Misol uchun, bir bemor bosh og‘rig‘i bilan dorixonaga kirsa, bosh og‘rig‘ini qoldiruvchi sitramon yoki shunga o‘xshash dori vositalarini retseptsiz tavsiya qilishi mumkin. Bo‘ldi, shu bilan uning vakolati tugaydi. Lekin, laboratoriyasiz, aniq tashhis qo‘yish, retseptsiz berilmaydigan dori vositalarni berishga haqqi yo‘q. Dorilar retsept bilan beriladigan va retseptsiz berish mumkin dorilarga bo‘linadi.  Retsept bilan beriladigan dori vositalarini qabul qilish tartibi bo‘yicha tushuntirish kerak, lekin uni o‘zgartirishga haqqi yo‘q. Lekin, shifokor baʼzi hollarda xato qilgan bo‘lsa, shifokorning telefon raqami retseptda yozilgan bo‘ladi, shu shifokor bilan bog‘lanib aniqlik kiritib olishi kerak bo‘ladi. Chunki, shifokorlar ham ko‘pincha kattalarga beriladigan dori vositalarini bolalarga ham tavsiya qilish hollari ham bo‘lgan. Shuning uchun isteʼmolchi tibbiy savodxonligini oshirish va shifokor tavsiya etgan har bir dori vositasining yo‘riqnomasi bilan tanishishlari o‘zi uchun foydali deb hisoblayman. Shunday hollarda farmatsevt oxirgi filtr vazifasini bajarishi kerak bo‘ladi. Fikrimcha, zarur dorixona amaliyotini sohaga tatbiq etish bo‘yicha alohida ko‘rsatuvlar tayyorlanishi kerak.

Baʼzi hollarda shifokorlar O‘zbekistonga olib kirilmayotgan dori vositalarni ham yozib berishadi. Shunda farmatsevt dorining  analogini tavsiya etishga haqlimi?

Muhabbat Ibragimova: Vazirlar Mahkamasining 2017 yilda 6 aprelda tasdiklangan 185-qarori bor. Ushbu qarorda dori vositalari va tibbiy buyumlarini chakana realizatsiya qilish qoidalari belgilangan. Bemor dorixonaga kelib, retseptni taqdim etadi, bunda dori vositasi xalqaro patentlanmagan nom bilan yozilgan bo‘lishi kerak, dorixonadagi farmatsevt xodim ulardagi mavjud barcha analoglari bo‘yicha maʼlumot beradi, hamda retseptsiz beriladigan dori vositasi bo‘lganda, mavjud assortimentdan preparatini to‘g‘risida axborot beradi. Isteʼmolchi narxiga va boshqa omillarga ko‘ra, bir xil taʼsir qiluvchi modda saqlangan dori preparatini tegishli savdo nomi bilan o‘zi tanlab oladi. 

FTTI matbuot kotibi
Shahnoza Qurbonboyeva suhbatlashdi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech