O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 24 iyuldagi PF-6269-son Farmoni qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrdan:

➖ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno);

➖ Davlat xizmatlari markazlari, “Litsenziya” axborot tizimi hamda YAIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi. Bunda ariza beruvchiga tegishli davlat xizmati to‘liq hajmda ko‘rsatiladi.

2021 yil 1 dekabrdan:

chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati (87 ta);
2022 yil 1 yanvardan ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari ro‘yxati (59 ta).

2022 yil 1 yanvardan davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlardan quyidagilarni talab qilish bekor qilinadi:

faktlarni tasdiqlovchi maʼlumotlarni:

●  tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma maʼlumotlarini;
●  litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha maʼlumotlarni;
●  davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risida maʼlumotlarni;
●  qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni;
●  kam taʼminlangan oila yoki oila aʼzosi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida maʼlumotlarni;
●  jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida maʼlumotlarni;
●  oliy maʼlumot to‘g‘risidagi diplom maʼlumotlarini;
●  jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqida maʼlumotlarni;
●  jismoniy shaxs umumiy o‘rta taʼlim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida maʼlumotlarni;
●  fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi to‘g‘risida maʼlumotlarni;
●  o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida maʼlumotlarni;
●  oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida maʼlumotlarni;

quyidagi hujjatlarni:

●  moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
●  jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni;
●  ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi maʼlumotnomalarni.

Bunda, ushbu hujjat va maʼlumotlar tegishli masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi.

2021 yil 1 dekabrdan:

●  chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;

●  O‘zbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi;

●  litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun milliy valyutada belgilangan to‘lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi (qonunchilik hujjatlarida to‘lovlar belgilanmagan yoki bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizidan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno).

2022 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazish uchun murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi.

Bunda imtihon jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi.

2021 yil 1 noyabrgacha “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimining (OneID) yangi talqini hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi. 

Bunda, masofaviy identifikatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatidan foydalanishda shaxsni mobil aloqa telefoni orqali tasdiqlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish holati to‘g‘risida abonentlarga SMS-xabar yuborish imkoniyati yaratiladi.

2022 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 2022 yil 1 iyuldan esa butun respublika hududida o‘limni qayd qilish bo‘yicha quyidagilardan iborat kompozit xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi:

tibbiyot birlashmasi xodimi vafot etganlik to‘g‘risidagi maʼlumotnomani rasmiylashtirib, “Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda FHDYO organiga yuboradi;

FHDYO organi maʼlumotnoma kelib tushgandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida shaxsning o‘limini “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimida qayd qilib, QR-kod orqali tasdiqlaydi;

FHDYO organi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari arizasiga asosan ularga vafot etganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini gerbli guvohnomada eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada ko‘rsatilgan manzilga yuboradi.

2022 yil 1 yanvargacha “avtomobil tarixi” maʼlumotlarini (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi, yurgan masofasi, fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi, yo‘l transport hodisasi sodir etilganligi va boshqalar haqida) avtomototransportlarga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi orqali shartnomaviy asosda davlat xizmatlari markazi va YAIDXP orqali aniqlash davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yil 1 dekabrgacha kommunal tarmoqlardagi barcha raqamlar (gaz, elektr, issiq suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chiqindi) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga va yuridik shaxslarning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamiga bog‘lanishi taʼminlanadi hamda bu orqali har bir shaxsga “yagona mijoz” tamoyili asosida unikal raqamdan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech