O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Arbidol” dori vositasini noqonuniy ravishda 480 ming so‘mdan sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Dori-darmonlarga bo‘lgan talab oshgan hozirgi kunda ayrimlar bu vaziyatdan foydalanib qolishga urinmoqda. Koronavirusga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan dori vositalari qimmatlashib, aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hududlarda dori-darmonlar narxi bo‘yicha nazorat kuchaytirildi. Rossiyada ishlab chiqariladigan “Arbidol” dori vositasi koronavirusni davolashda tavsiya etilmoqda. Bugun oramizda dorixonalarda 75-80 ming so‘m atrofida sotilayotgan ushbu dori vositasini «qora bozor»da bir necha barobar qimmatiga sotishga urinayotgan uddaburonlar ham uchrab turibdi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilayotgan reyd tadbirlarida ana shu kabi qonunbuzarlik holatlari fosh etilmoqda.

Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro “Arbidol”ning har bir qutisini 480 ming so‘mdan sotishga kelishib, 20 quti dori vositasi uchun 9 million 600 ming so‘m naqd pulni oldindan sanab oldi. Shundan so‘ng Namangan viloyatida yashovchi hamtovog‘iga telefon qilib, 20 quti doriga buyurtma berdi. Jinoiy rejaga ko‘ra, u Namangan shahridagi Chorsu bozori yonida joylashgan «qora bozor»dan 20 quti “Arbidol”ni sotib olib, taksi mashinasidan jo‘natishi, uni qabul qilib olgan qo‘qonlik hamkor haydovchidan 8 million 400 ming so‘mni berib yuborishi kerak edi. Ammo o‘tkazilgan tezkor tadbirda ularning qilmishi issiq izida fosh etildi. Shu tariqa gumonlanuvchi shaxs 20 quti 400 dona “Arbidol” va mashinasidagi yana 23 quti “AZOPT” dori vositasini ham qo‘shib, ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Marg‘ilon shahrida yashovchi yana bir ustaomon ushbu dori vositasining har bir qutisini 240 ming so‘mdan sotayotganda qo‘lga olindi. Gumonlanuvchidan 27 ta qutidagi dorilar va unga hisoblangan 6 million 480 ming so‘m naqd pul ashyoviy dalil tariqasida olindi hamda tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan reyd tadbirlarida viloyatning Farg‘ona shahrida, Bag‘dod tumanida ham ana shu kabi qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.

M. Sulaymonov, O‘zA

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech