O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

AQSH O‘zbekistonga 200ta o‘pkani sun’iy ventilyasiya qilish moslamasini taqdim etdi

Ushbu moslamalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatning barcha mintaqalaridagi 62 ta tibbiyot muassasasi o‘rtasida taqsimlanadi.

O‘zbekiston elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, AQSH tomoni mamlakatga umumiy qiymati 2,5 million dollar 200 ta o‘pkani sunʼiy ventilyatsiya qilish moslamasini yubordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

O‘pkani sunʼiy ventilyatsiya qilish moslamasi Prezident Donald Tramp maʼmuriyati tomonidan iyun oyida eʼlon qilingan insonparvarlik yordamining bir qismi sifatida taqdim qilinmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilgan tibbiy jihozlar Vashingtondagi elchixona tomonidan Oq uy maʼmuriyati, AQSH Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakillari bilan o‘tkazilgan qator maslahatlashuvlar natijasida mamlakatga yetkazib berildi.

Jihozlarning texnik xususiyatlari haqidagi maʼlumotlar diplomatik vakolatxonaning USAID idorasi vakillari va Kaliforniya universiteti ekspert-anesteziologlari bilan uchrashuvda taqdim etildi.

Maʼlum qilinishicha, asbob-uskunalar tibbiy texnologiya va dasturiy taʼminot ishlab chiqish bo‘yicha 40 yildan ortiq tajribaga ega Amerikaning Zoll Medical Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Qayd etilganidek, o‘pkani sunʼiy ventilyatsiya qilish moslamalari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash muassasalarining texnik infratuzilmasini hisobga olgan holda maxsus buyurtma asosida ishlab chiqarildi. Vositalar statsionar davolanishda, havo tibbiy transportida yoki tez yordam mashinalarida tashish paytida intensiv terapiya uchun ishlatiladi.

Kaliforniya universiteti amaliyotchilari moslamalarning COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda, shu jumladan, bemor nafas olishda qiynalganda va kasallikning og‘ir bosqichlarida samarali ekanini tasdiqladi. Ushbu qurilmalar o‘pkani sunʼiy ravishda shamollatishning turli usullaridan foydalanish, turli yoshdagi bemorlar hayotiy funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.

Elchixona maʼlumotiga ko‘ra, ushbu moslamalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatning barcha mintaqalaridagi 62 ta tibbiyot muassasasi o‘rtasida taqsimlanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech