O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Avval ham pandemiya bo‘lganmi?

Ha, albatta, bo‘lgan. Avvalgi pandemiya hodisasi o‘tgan asrning 60-yillari nihoyasiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda o‘ta xavfli kasallik bo‘lmish vabo (xolera)ning 8-pandemiyasi yuz bergan.

Pandemiya bitta yuqumli kasallikning bir necha davlatlarga tarqalib ketishidir. 8-vabo pandemiyasi 1961–1968 yillar davomida 25 ta mamlakatga tarqalgan. Keyinchalik kasallikning epidemik avj olishi janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq hamda Afrikaning 50 dan ortiq mamlakatlarida kuzatilgan. Shu yillari vabo, hattoki, Sobiq Sovet ittifoqi hududlariga ham kirib kelgan. Kasallik shu tariqa dunyoda yuz minglab aholining yostig‘ini quritgan.

O‘sha davrga xos bir voqeani misol keltirmoqchiman. Bir katta shahar aholisi orasida vabo tarqalgan va qisqa vaqt ichida yuzlab odamlar shu kasallikka chalingan. Bemorlarning ichi ketgan, og‘riq va suvsizlanish bir necha kun ichida ularning madorini quritgan. Asta-sekin ular o‘la boshlagan. Shahar rahbarlari unga qarshi turli chora-tadbirlar qo‘llashgan. Hatto, samolyotda shahar ustidan xlorli eritmalar sepishgan, ammo sezilarli natija bo‘lmagan. Keyinchalik shaharga kirish va chiqishni ham taqiqlab qo‘yishgan. Avvaliga birmuncha yutuqqa erishilgan bo‘lsa-da, biroz o‘tib, kasallik yana avj olgan.

Vabo kasalligining qo‘zg‘atuvchisi turib qolgan, yaxshi oqmaydigan, ifloslangan suv hisoblanadi. Ushbu suvni qaynatmasdan ichgan odamlarga og‘iz orqali (havo-tomchi yo‘li bilan emas) yuqadi. Keyin minglab mikroblar bemorning najasi (axlati) bilan yana tashqariga chiqadi.

Eʼtiborlisi, shundaki, o‘sha paytlarda juda ko‘p odamlarning hojatxonasi suv va suv havzalari qirg‘og‘ida joylashgan. Yomg‘irli kunlar ko‘paysa, hojatxonadagi najaslar erib, sizib, katta suv oqimiga tushavergan. Oqibatda kasallik qo‘zg‘atuvchisi tarqalishiga imkon tug‘ilgan.

Xastalikni bartaraf etish uchun hammaga suvni qaynatib ichish buyurilgan. Qaynatmasdan ichish kasallikka olib kelishi aholiga tushuntirilgan. Biroq qancha urinishlarga qaramay, epidemiya to‘xtamagan. Suv va suv havzalarining atrofi hojatxona va axlatxonalardan mutlaqo tozalangan. Mana, 50 yildan oshibdiki, vabo kasalligi bu hududlarda uchramaydi.

2-3 yil avval shunday katta azim Toshkent hududidan oqib o‘tadigan suv havzalari va kanallarning yon-atrofiga, ichiga qarashga uyalardik. Davlatimiz rahbari yuqoridagi voqeani avvaldan bilgandek daryo va suv havzalarining qirg‘oqlari, ichini tozalash va qaytadan taʼmirlashni yo‘lga qo‘ydi. Bu ulkan g'amxo‘rlik bo‘lish barobarida, turli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan chora bo‘lganining bugun guvohi bo‘lib turibmiz.

 

Dunyoda shunday insonlar borki, ular kasallikni yengish uchun hech narsadan qo‘rqmay, kerak bo‘lsa, jonini fido qiladi. Ular shifokor-mikrobiologlardir. Bu toifadagi tibbiyot xodimlari bir umr ko‘rinmas va gapirmaydigan “dushman”lar bilan kurash olib boradi. Afsuski, ayrimlari o‘ziga yuqtirib ham olishadi. Ularning nechtasi shu tariqa hayotdan ko‘z yumgan.

Men deyarli 40 yildan beri ko‘rinmaydigan, gapirmaydigan “dushman”lar bilan kurashib kelayotgan mikrobiolog, leprolog, professorman. “Dushman”larim bilan qanday ishlashni yaxshi bilaman. Ular bilan ishlash uchun oldin qo‘llarimni yaxshilab yuvaman. Albatta, og‘iz-burnimga niqob taqaman, chunki ularning asosiy qismi og‘iz yoki burun, nafas yo‘li orqali yuqadi.

“Dushman”larim (mikroblar) odam harorati kabi 36,5—37,0 haroratni yaxshi ko‘radi. Namlik yetarli bo‘lmasa, to‘polon qilib qolishi mumkin. Ovqat, oqsillar, aminokislotalar va vitaminlarga juda talabchan. Ayniqsa, yosh mol yoki quyon go‘shti qaynatmasidan tayyorlangan bulyonlarni juda xush ko‘radi. Termostatga solib qo‘ysangiz, 2-3 kun ichida gurkirab ko‘payadi. Ammo ular talab qilgan oziq-ovqatlar va sharoitlarni yaratmasangiz, siz mikroblar bilan ishlay olmaysiz.

Darhaqiqat, har qanday yuqumli kasalliklar bilan kurashish uchun, albatta, uning chaqiruvchisi, yaʼni qo‘zg‘atuvchisining qanday mikrob yoki virus ekanligini yaxshi bilishimiz kerak. Mikrobiolog va virusologlar tomonidan fanga maʼlum bo‘lgan asosiy mikroorganizmlarning xususiyatlari, qanday tarqalishi, manbasi va yuqish yo‘llari allaqachon o‘rganib bo‘lingan. Biz ularga faqat rioya qilishimiz kerak.

Egamberdi ESHBOYEV,
tibbiyot fanlari doktori,
professor, mikrobiolog
“SHIFO-info” gazetasi
tahrir hayʼati aʼzosi

 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech