O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Bojxonachilar 663 mln. so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarining sotilishiga chek qo‘yishdi

Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan shu kunlarda aholining ayrim dori-darmonlarga nisbatan ehtiyoji ortib bormoqda. Mazkur vaziyatdan mo‘may daromad orttirib qolishga urinayotgan ayrim shaxslar esa sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirin ravishda pullash orqali yurtdoshlarimiz salomatligini jiddiy xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida ana shunday urinishlardan biri bartaraf etildi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumani hududida o‘tkazilgan mazkur tezkor tadbirda fuqarolar B.M. hamda V.A. 5 dona qog‘oz qutilarda sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, chet elda ishlab chiqarilgan 2000 quti dori vositalarini sotishga urinayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, fuqaro V.A. boshqaruvidagi “Kaptiva” rusumli avtotransport vositasi ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtoulov salonida ham 600 quti  dori vositalari borligi aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 663 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech