O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Deksametazon”ni koronavirusning yengil va o‘rta turida ishlatish taʼqiqlanadi

Pandemiya sharoitida barcha soha vakillari, eng avvalo, tibbiyot xodimlari zimmasiga katta maʼsuliyat yuklandi. Shifokorlarimiz tunu kun “jang maydoni”da bemor hayoti uchun tinimsiz kurashmoqdalar. Koronavirus infeksiyasining kechish darajalariga qarab bemorlarga psixologik tazyiq bo‘lmasligi uchun, yengil va o‘rta darajada kechayotgan kasallikni uy sharoitida davolashga ham ruxsat berildi. Albatta, bunda bemorning holati malakali tibbiyot xodimi tomonidan nazorat qilinishi, davo muolajalari SSV tomonidan taqdim etilgan protokol asosida olib borilishi talab etiladi.

Ammo hozirgi kunda koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rta darajadagi shaklini uyda davolashda o‘ta kuchli dori vositalaridan foydalanib, kasallikni davolash o‘rniga uni yana-da avj olishiga sabab bo‘layotgan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi “shifokor”larimiz ham bor. Tavsiya etilayotgan dori vositalari ro‘yxatiga nazar solsak,  “Deksametazon”, “Meropenem” kabi, shuningdek,  bir vaqtning o‘zida 3-4 xil guruhga mansub “Amikatsin”, “Levofloksatsin”, “Sefazolin sulbaktam”, “Sefaperazon” va mikrobga qarshi “Metronidazol” kabi dori vositalarini ham, bir vaqtning o‘zida foydalanilayotganini ko‘rish mumkin. Bu dorilar alohida ishlatilganda ham kuchli vosita hisoblanib, fakatgina “COVID-19”ning eng og‘ir darajalarida statsionar sharoitda ishlatish tavsiya etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayev vazirlik Matbuot xizmatiga bu haqda batafsil so‘zlab berdi:

— “Deksametazon” preparatini “COVID-19”ni davolashda ishlatish tavsiyasi 2020 yil iyun oyida Buyuk Britaniya olimlari tomonidan taklif etildi. Oksfort universiteti rasmiy saytida “COVID-19” kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir davrida, faqatgina kislorodga muhtoj bo‘lgan va sunʼiy nafas olish apparatiga ulangan kasallarga reanimatsiya sharoitida kuniga 6 mg miqdorida 10 kun davomida berish taklif etilgan. Eʼtiborli jihati, “Deksametazon” dori vositasini faqatgina reanimatsiya sharoitida berish tavsiya etiladi”, deb rasmiy bayonotda aniq belgilab qo‘yilgan.

“Deksametazon” bu “Aspirin” yoki “Sitramon” emaski, uni xohlagan odam dorixonadan sotib olib, o‘z bilganicha isteʼmol qilsa. “Deksametazon” kuchli yallig‘lanishga qarshi va immunodepresant (immunitetni tushiruvchi) sintetik gormonal dori vositasi. Undan noto‘g‘ri foydalanish, avvalo:

➖ immun tizimining faoliyatini susaytiradi,

➖ qandli diabet kasalligini keltirib chiqaradi va uni rivojlantiradi,

➖ oshqozon yara kasalligida qon ketish xavfini oshiradi,

➖ suyaklardan kalsiyning chiqib ketishiga sabab bo‘ladi,

➖ teri mustahkamligini susaytiradi,

➖ surunkali kasaliliklarning avj olishiga olib keladi.

Bundan tashqari, ushbu yallig‘lanishga qarshi dori vositasidan uzoq muddat foydalanish har qanday gormonlar singari, semirish, diabet, osteoporoz, glaukoma va hatto ruhiy kasalliklar kabi nojo‘ya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, son suyagining aseptik nekroziga ham “Deksametazon” dori vositasini ko‘p miqdorda ishlatish sabab bo‘ladi.

“Deksametazon”ni “COVID-19”ning yengil va o‘rta darajada kechish davrida ishlatish taʼqiqlanadi. Chunki u kasallikning dastlabki bosqichida, immunitetimizni mustaqil ravishda kasallikni yengishiga halaqit beradi va aks taʼsir ko‘rsatib, kasallikning avj olib ketishiga sabab bo‘ladi. Immun tizimi pasayib, hatto yo‘q bo‘lib ketgan bemorni kasallikdan qutqarish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.

— Xuddi shu kabi vaziyat koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rtacha darajasi bilan og‘rigan bemorlar tomonidan antibiotiklarni qo‘llash borasida kuzatilayotgani ham bor gap...

— To‘g‘ri, masalan, fuqarolar uy sharoitida shifokorning retseptisiz “Meropenem”, “Amikatsin”, “Levofloksatsin”, “Sefaperazon sulbaktam”, “Seftriakson” va mikrobga qarshi “Metronidazol” kabi qator preparatlarni qabul qilmoqda. Bu preparatlarning o‘zi yakka holda ishlatilganda ham kuchli antibakterial dori vositasi hisoblanadi va bir dunyo nojo‘ya taʼsiralari bor. Tasavvur kiling, bu dori vositalarining bir necha guruxini bir vaqtda qo‘llash qanday asoratlarga olib keladi? Jigar va buyrak yetishmovchiligi, markaziy nerv tizimidagi o‘zgarishlar, ichak tizimidagi o‘zgarishlar, endokrin tizimidagi ўзгаришлар.... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Hozirgi kunga qadar antibakterial dori vositalarining 4 ta avlodi mavjud. Ularni qo‘llashda ham maʼlum qonuniyat bor. Avvaliga 1-,2-,3-avlod antibakterial dori vositalari qo‘llaniladi. Ularning samaradorligi sezilmagan vaqtdagina 4-avlod antibakterial dori vositalari, yaʼni zahira dori vositalarini ishlatish tavsiya etiladi. “Meropinem” dori vositasi ana shu 4-avlod guruxiga kiradi.

“Meropenem” preparati hozirda reanimatsiya bo‘limlarida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan, o‘pkada shikastlanish darajasi 50 foizdan ziyod bo‘lgan, pnevmoniya asoratlari fonida ikkilamchi infeksiya aniqlangan bemorlargagina buyurilmoqda. Agar kasallikning yengil va o‘rta shakli bilan og‘riyotgan bemorga ushbu preparatni qabul qilish buyurilsa, organizmning kurashish kuchini keskin tushib ketishiga sabab bo‘lib, surunkali kasalliklarni avj olishi, jigar, buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Eng achinarlisi esa, undan so‘ng “Meropenem” dori vositasini qabul qilgan bemorlarga avvalgi avlodga mansub dori vositalari taʼsir ko‘rsatmay qoladi va majburiyat yuzasidan bir nechta guruh antibakterial dori vositalarini bir vaqtda qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Bemorda o‘tkir dori vositasidan zaharlanish holati kuzatilib, oxir-oqibatda o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.

Afsuski, hududlardagi baʼzi shifokorlar bu preparatni kasallikning yengil va o‘rtacha og‘irlik belgilari bo‘lgan bemorlarga ham buyurayotgani achinarli hol. Holbuki, koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan protokollarda barcha parepatarlarning qay tartibda va qay holatdagi bemorlarga berilishi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar aks etgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech