O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dori vositalari narxlarning oshirilishi va oqibatlari haqida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi nima deydi?

So‘nggi vaqtlarda respublikamizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning amal qilish davrida aholining viruslardan himoyalanish, immunitetni oshirish va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan dori vositalariga bo‘lgan talabi ortgan. O‘z navbatida, bu sharoitda aholi talabi ortgan preparatlarning sunʼiy taqchilligini keltirib chiqarish va narxlarni keskin oshirish holatlari yuzaga kelib, bu isteʼmolchilarning va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining turli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bugun dori-darmonlar narx-navosi ustidan nazorat, ularni asossiz oshirganlik uchun javobgarlik, bu borada agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan Xabar.uz axborot-tahliliy portali Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining boshqarma boshlig‘i Pavel Magay bilan suhbatlashdi.

— Ayting-chi, dori vositalari narxi qanday shakllantiriladi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2647-sonli qaroriga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish — ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdanchakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

— Demak, dori vositalariga qatʼiy cheklangan narx emas, balki savdo ustamalari belgilangan. Ushbu ustamalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi kim tomonidan nazorat qilinadi?

— Dori vositalari va tibbiyot buyumlar uchun narxlarni shakllantirishning davlat tomonidan belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qilish, shu jumladan, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar narxlarini manipulyatsiya qilish, ularga bo‘lgan sunʼiy tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirish, shuningdek, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarga qarshi kurashish vakolatli davlat va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bular, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi.

— Belgilangan savdo ustamalariga rioya qilmaganlik qanday oqibatlarga olib keladi?

— Muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) litsenziya talablari va shartlari, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi, retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi, tovarlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish — litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi holati hisoblanadi hamda bu farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.

Shu bilan birga, rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlash, ulardan foydalanish va realizatsiya qilish, tovarlar realizatsiya qilinganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni almashtirish, soxtalashtirish yoki yo‘q qilish, realizatsiya qilingan tovarlar qiymatini hisob hujjatlarida haqiqatda realizatsiya qilingan qiymatidan pasaytirilgan narxlar bo‘yicha aks ettirish — soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb eʼtirof etiladi hamda yashirilgan (kamaytirib ko‘rsatilgan) soliq bazasi summasining yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 223-moddasi).

— So‘nggi vaqtlarda ayrim dori vositalarini, misol uchun, Arbidol, Ergoferon va shunga o‘xshash dori vositalarini yoki ularning qalbakilashtirilgan nusxalarini dorixonadan tashqarida, turli axborot almashish usullaridan foydalangan holda qimmat narxlarda sotilishi holatlari yo‘q emas. Ushbu harakatlar uchun qanday javobgarliklar belgilangan?

— O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1651-moddasiga asosan, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilganlik uchun — mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 1863-moddasiga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

— Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan dori vositalari narxining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Agentlik tomonidan respublika hududlari bo‘yicha mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tuzilgan ishchi guruhlar bilan birgalikda dorixonalarda tushuntirish va profilaktika ishlari amalga oshirilib, dorixona rahbar va xodimlariga dori vositalari uchun belgilangan savdo ustamalariga, ularni chakana realizatsiya qilish va savdo qoidalariga qatʼiy rioya qilish hamda ularga amal qilmaslikning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida tegishli tushuntirish va rasmiy ogoxlantirish xatlari berilmoqda.

Shu bilan birga, hamkor idoralar tomonidan taqdim etilgan materiallar va isteʼmolchilarning murojaatlariga asosan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida aniqlangan narxlarni shakllantirish tartibiga rioya qilmaganlik holati bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

— Suhbatimiz so‘ngida isteʼmolchilar va dorixona masʼullariga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

— Albatta, hurmatli isteʼmolchilarimizdan dori vositalarini xarid qilish va ularni isteʼmol qilishda shifokor maslahati va dori vositasining qo‘llash yo‘riqnomasiga amal qilish, ayniqsa, xavfli virusli kasalliklarning oldini olish va davolashda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan davolash standartlariga, shifokor ko‘rsatmasiga qatʼiy rioya etishlarini so‘rayman.

Shuningdek, dori vositalarini faqatgina dorixonalardan sotib olish, xarid paytida sotuvchidan kassa cheki, dorilar nomi va narxi yozilgan tovar cheki berilishini talab qilish hamda ularni butun davolanish davrida saqlab qo‘yish lozim.

Farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, litsenziya talablari va shartlariga hamda soliq qonunchiligiga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech