O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmreyd: Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Inson onggini zaharlab, salomatligiga katta putur yetkazuvchi va ularning jamiyatdan ajralib qolishiga sabab bo‘luvchi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining isteʼmoli bugun, ayniqsa, yoshlarimiz orasida dolzarb muammo kasb etmoqda.

Ushbu muammoga qarshi kurash va uning oldini olishga qaratilgan bir qator tadbirlar bojxona organlari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan DXX, IIV YPX xodimlari bilan hamkorlikda To‘rtkul tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan fuqaro A.J xolislar ishtirokida tekshirildi.

Natijada, fuqaro shimining o‘ng cho‘ntagidan 1 dona konvalyutada 5 dona “Regapen 300mg” yozuvli kapsulalar va unga tegishli bo‘lgan qora rangli sumkasi ichidan 30 konvalyutada 419 dona “Regapen 300mg” yozuvli hamda 225 dona flakonda “Tropikamid” yozuvli dori vositalari borligi aniqlandi.

Xuddi shunday yana bitta holatda, bo‘lim xodimlari tomonidan Xorazm viloyati, Urganch tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Gumon ostiga olinib to‘xtatilgan “Nexia-2” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro A.A tegishli tartibda tekshirilganida, uning sumkasida 182 dona flakonda “Tropikamid”, 172 dona “Selofen” hamda 280 dona “Regapen” yozuvli kuchli taʼsir etuvchi dori vositalari va xuddi shu avtotransport vositasining boshqa yo‘lovchisi M.Rning egnidagi kiyimlari cho‘ntaklaridan 15 dona flakonda “Tropikamid” va 20 dona “Regapen” yozuvli dori vositalari borligi aniqlandi.

To‘rtkul tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida esa  to‘xtatilgan “Damas” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan fuqaro A.Aning egnidagi kiyimi cho‘ntagidan 2 flakon “Tropikamid” nomli, 3 kapsula “Regapen” nomli, 1 kapsula “Selofen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari va 0,91 gr. “Marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, ushbu avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida, o‘rta o‘rindiq tagida avtotransport vositasi haydovchisi M.Jga tegishli bo‘lgan qo‘ng‘ir chaqmoq rangli sumka ichida 7 flakon “Tropikamid” nomli va 13 kapsula “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmada bo‘lishining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tezkor tadbirlar doirasida To‘rtko‘l tumanidagi xonadonlarning biri ko‘zdan kechirilganida, yashirib qo‘yilgan qog‘oz quti ichida jami 100 flakon “Tropikamid” va 98 kapsula “Regapen” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari noqonuniy ravishda saqlanilayotganligi aniqlandi.

To‘rtkul tumanida yashovchi fuqaro A.Aning ko‘rsatmasiga binoan, uning yashash joyi oldidagi ahlat qutisi ko‘zdan kechirilganda, qora rangli sellofan paket ichida 112 dona flakonda “Tropikamid” nomli, 124 dona kapsula “Regapen” nomli hamda 90 dona kapsula “Selofen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

To‘rtkul tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir davomida “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro A.Xga tegishli bo‘lgan qora rangli qo‘l sumkasida 236 dona flakonda “Tropikamid” yozuvli va 557 kapsula “Regapen” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori-vositalari, egnidagi yashil rangdagi shimining o‘ng taraf cho‘ntagidan 11 kapsula “Regapen” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori-vositalari borligi maʼlum bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 1527 kapsula “Regapen”, 864 dona “Tropikamid” va 263 dona “Selofen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech