O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Gripp yoki koronavirusga chalinganlikni qanday farqlash mumkin?

Gripp yoki koronavirusga chalinganlikni qanday farqlash mumkin? Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Odilova maʼlum qildi.

Ikki kasallik ham tumov, ko‘z yoshlanishi, burun oqishi, aksa urish, tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadi. Shunday bo‘lsada, koronavirus va grippni bir-biridan ajratuvchi bir necha belgilar mavjud:

Kasallikning inkubatsion (yashirin davri)  grippda 5-7 kun, koronavirusda 2-14 kun. Kasallikni yengil kechishida grippda  – umumiy belgilar ko‘pincha tumovdan boshlanadi va 1-3 kungacha davom etadi, tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lishi bir marta kuzatiladi, 3-kundan boshlab bemor ahvoli yaxshilanishni boshlaydi.

Koronavirusda umumiy belgilar aksariyat holatlarda hid va taʼm bilish buzilishidan boshlanib, tana harorati 38 darajagacha ko‘tariladi va so‘ngra 37-37,5 darajada bo‘lib turadi. Davolash to‘g‘ri olib borilsa, bemor ahvoli kasallikni 5-7 kunlarida yaxshilana boradi. Kasallik og‘ir kechuvida asoratlar qo‘shiladi: yo‘tal birinchi 3-4 kunda quruq, so‘ng balg‘amli bo‘ladi.

Koronavirusda esa 8 kundan boshlab tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi, umumiy holsizlik kuchayadi, quruq yo‘tal zo‘rayadi, nafas yetishmovchiligi, yaʼni hansirash ham zo‘rayishni boshlaydi. Yo‘tal balg‘amsiz va kasallikni kechuviga bog‘liq holda 2-3 haftadan 1,5 oygacha kuzatilishi mumkin. Grippning yengil kechuvida boshqa organlarning zararlanishi, asab tizimi jarohatlanishi kuzatilmaydi, lekin og‘ir kechuvchi shakllarida qator aʼzolarda asoratlar kuzatilishi mumkin.

Koronavirus kasalligida  esa inson organizmining bir necha aʼzolari (nafas aʼzolari, oshqozon ichak tizimi aʼzolari, yurak qon-tomir tizimi aʼzolari, buyrak tizimi, endokrin bezlar tizimi, markaziy va periferik asab tizimi jarohatlanadi, qonning ivish xususiyatlari buziladi. Shuning uchun ham koronavirusda organizmning to‘qima va hujayralarining kislorod bilan taʼminotiga yuqori ehtiyoj seziladi.

Koronavirus kasalligini tashxislash va davolash jarayoni bu kasallikda, ayniqsa, asab tizimi va ruhiyatni zararlanishini ko‘rsatmoqda, insonlarda kayfiyat tushib ketib tushkunlik holati, vahima paydo bo‘lmoqda, bunday o‘zgarishlar esa gripp kasalligiga xos emas.

Reabilitatsiya jarayoni bo‘yicha yengil shakldagi grippda tiklanish davri 7-10 kun bo‘lib, asoratlangan holatlarda 1 oygacha bo‘lishi mumkin, biroq koronavirus kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir kechuvida o‘pkalar interstitsiyasi, alveolalarining fibroz to‘qima bilan qoplanishi oylar davom etishi yoki maʼlum qismi umuman tiklanmasligi ham mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech