O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xalq tabobati virusning tojini sindiradimi?

Bugungi kunda dunyo mamlakatlari aholisining tabiiy, arzon va xavfsiz xalq tabobati usullari va dori vositalariga qiziqishi ortib bormoqda.

Moʻtadil iqlimga ega mamlakatimizda esa bu borada keng imkoniyatlar mavjud. Qolaversa, tabiiy holda o‘sadigan o‘ziga xos dorivor giyohlarimiz borligi, diyorimizda buyuk tabiblar o‘tgani va ulardan ulkan maʼnaviy meros qolganini hech kim inkor eta olmaydi.

Shu kunlarda dunyoni havotirda ushlab turgan pandemiya sharoitida ko‘plab olimlar unga qarshi vaksina tayyorlash harakatida izlanmoqda, o‘z takliflarini berishmoqda. Zero, tojdor virusga davo topish shu kunlarda hamma uchun muhim ish bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston xalq tabobati akademiyasi rahbari Mehri NURUZOVA bilan yurtimizda mavjud shifobaxsh giyohlardan COVID-19ni davolashda kerakli dori yoki vaksina ishlab chiqarish, bunga kimlar daʼvogarlik qilayotgani, o‘pkani shamollash va kasalliklardan asrash uchun nimalarga eʼtibor berish borasida suhbatlashdik.

- Tabobat kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q, aksincha ming yillardan buyon mavjud, - deydi Mehri Nuruzova. - To‘g‘ri, 1924 yilda tabobatchilikni tubdan yo‘qotish haqidagi qaror bilan bu boradagi hamma narsaga taqiq qo‘yilgan edi. Yaqin yillarda ichida bu boradagi qarashlar tubdan o‘zgardi, xalqning boyligi o‘ziga qaytarildi. O‘tgan allomalarning merosi qayta tiklandi.

Ammo, tan olib aytish kerakki, xalqimiz orasida tabobatda savodsizlik kuchli. Tabobat asosini bilmagan insonlar 2-3 giyohni bir-biriga qo‘shib, koronavirusga va boshqa kasalliklarga dori topdim deb, akademiyaga keladi. Olim sifatida aytmoqchimanki, pandemiya butun dunyo o‘rganayotgan yangi ofat. Uni hali ochiq, oshkora tanib olganimiz, bilganimiz yo‘q. Demak, tibbiyot ilmidan bexabar odam unga davo topdim desa, shubhali ko‘rinadi.

Pandemiya sharoitida biz doir vositasi bilan emas, balki immun tizimimizni oshirish bilan javob bera olamiz. Buning uchun insonning miya, yurak va jigariga eʼtibor qaratib, dorilar tayyorlashimiz kerak. Yuqori nafas, o‘pka kasallanganda uni davolovchi, mijozni qizdiruvchi yig‘malar yiqqanmiz. U 80 foizgacha zararlangan o‘pkani davolaydi.

Bugungi kunda virus tufayli o‘lim holatlari ikkinchi yondosh kasallarning ko‘payganidan kelib chiqmoqda. Ayniqsa, qandli diabet, qon bosimi oshishi kabilar bu borada ancha xavfli.

- Giyohlardan dori tayyorlangani borasida aytib o‘tdingiz. Biz Chorsu yoki boshqa bozorlarga borsak, turli giyohlarni ko‘ramiz. Aytaylik, biz ularni yoyma bozordan olsak, o‘tlarni xususiyatiga zarar yetgan bo‘lmaydimi?

Biz o‘rmon xo‘jaligi bilan bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Shu bois dorivor o‘tlarni oladigan joylarimiz aniq. Dorishunoslarimiz yaxshi biladi, yo‘l yoqasida o‘sgan o‘simlik qanchalik zararlanishini. Shu bois o‘tlarni qayerdan olingani, qayerda o‘sganini aniqlash kerak. Hovlida o‘sgani bilan yo‘l yoqasida o‘sgan o‘simlik tarkibi bir-biridan farq qiladi.

Ko‘p xorijiy davlatlarda bo‘lganman. To‘g‘ri, Eron, Xitoyda dorivor o‘tlarni baqqollar bozorda qoplab sotadi. Chunki, bu davlatlarda plantatsiyalar mavjud. Undagi o‘simliklar tarkibini ilmiy institutlar tekshirib turadi. Biz hali bu darajaga yetib kelmadik.

To‘g‘ri aytasiz. Bundan tashqari Ibn Sinoning asarlari va boshqa tibbiyot kitoblarida giyohlarni quritish tartibi, uni terib olish muddatlari haqida alohida tushuntirishlar beriladi.

Albatta, tabobat juda katta fan. Baʼzi o‘tlar boki, ertalab terib olish kerak. Yaʼni shabnam tushgan yoki tushmagan vaqt ham bunda hisobga olinadi. Shu bois o‘tlarning dorivor xususiyatlarini saqlab qolishda uning qachon terilgani, qanday quritilgani juda muhim. Har bir o‘tning tarkibi bu holatga juda bog‘liq. Aks holda uning quruq cho‘pdan farqi qolmaydi.

Hozirda kun soviy boshladi. Bu vaqtda mijozni isitadigan o‘tlardan foydalanish kerak. Bunda ularning miqdoriga eʼtibor berish kerak. Misol uchun, asalni bir choy qoshiq ichish yoki yalash mumkin.

- Pandemiyani sovuqda yana-da avj olishi mumkinligi aytilmoqda. Ana shunday sovuq kunlarda sog‘ligimizni saqlash uchun nimalarga eʼtibor qilishimiz kerak? Issiq mijozli mahsulotlar deganda nimalarni nazarda tutdingiz?

Asal, qoramurch, zira issiqlik hisoblanadi. ulardan doim foydalanamiz. Zira taomga nafaqat tam beradi, balki ovqatning issiqligini oshiradi. Oshqozon osti bezini qizdirib, hazmni kuchaytiradi.

Inson o‘zining mijoziga qarab, kerakli ovqatni isteʼmol qilsa, o‘zini o‘zi himoya qilgan bo‘ladi. Misol uchun, piyozning bir necha turi bor. Qizil, oq va jaydari piyoz. Ularning har birining o‘z xususiyatlari bor. Misol uchun, qizil piyozning hidi uncha kuchli emas, uni xom yegan maʼqul. Sarimsoqpiyozni salatlarga solsak, o‘zimizga foyda. Zanjabil ham ommalashdi. Uni ovqatga solish mumkin. Yupqa kesib, yeb turilsa, og‘iz bo‘shlig‘ini hidini yaxshilaydi, hazmni kuchaytiradi, mijozni qizdiradi.

Yurtimizni jannatmonand deb bejizga aytishmaydi. Eʼtibor qilsangiz, bahorda qulupnaydan boshlab, kuzda malinayu, xurmo, behi bilan yilni tugatamiz.

Hozir anor pishdi. U juda foydali, undagi vitaminlar hech qayerda yo‘q. Anjir o‘pkaning do‘sti, yo‘talda balg‘amni tez pishiradi. Sholg‘om ham shunday, juda foydali.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish o‘rinli, deb hisoblayman: «Nodon tabib – jallodning shogirdidur; jallod tig‘i bilan, tabib esa zahri bilan o‘ldirur, u zolim va zulm qiluvchidur. Jallod nodon tabibdan afzaldur. U hukm etilganlarni o‘ldirur, tabib esa aybsiz, gunohsizlarni o‘ldirur».

Eslatma: suhbatning to‘liq shakli bilan videoda tanishasiz.

Sayyora SHOYEVA, Yoqub MELIBOYEV (video), O‘zA

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech