O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xitoydan 1000 ta kislorod konsentratori olib kelindi

Joriy yilning 26 iyul kuni Xitoydan O‘zbekistonga yana 1000 ta kislorod konsentratori olib kelindi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali lavhasida maʼlum qilindi.

Olib kelingan yuklar Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan qabul qilib olingan. Ushbu yukning umumiy qiymati 20 million dollarni, og‘irligi 32,5 tonnani tashkil etadi.

Maxsus yuklar tarkibida shaxsiy himoya vositalari mavjud. Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar olib kelingan. Bundan tashqari, o‘pka yallig‘langanda foydalaniladigan 1000 dona kislorod konsentratorlari ham mavjud.

“Xitoydan keltirilgan tibbiy buyumlar respublika hududi bo‘ylab karantin rejimini taʼminlashga jalb qilingan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar, tibbiy xodimlar va boshqa muhtoj shaxslar hamda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan va qurilayotgan shifoxonalarga tarqatiladi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Xitoydan 1300 ta kislorod konsentratori, 20 ta PZR sinov apparati hamda virusga qarshi dori vositalari olib kelingandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech