O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

JSST rahbari yangi pandemiyalar haqida ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus yangi pandemiyalarga tayyor turishga chaqirdi.

«Hozirgi pandemiya biz uchun oxirgisi bo‘lmaydi», – dedi u o‘z videomurojaatida. Hatto koronavirusga qarshi vaksinalar ham pandemiyani to‘xtata olmaydi.

Gebreyesusning ta’kidlashicha, bir yil oldin dunyo COVID-19 bilan tanish emas edi, ammo o‘shandan beri hamma narsa «ostin-ustun» bo‘lib ketdi.

«Koronavirusning dunyoga ta’siri uning shunchaki kasallik maqomidan tashqariga chiqib ketdi va jamiyat hamda iqtisodiyot uchun juda katta oqibatlarga olib keldi», dedi JSST rahbari.

U insoniyat pandemiyaga tayyor emasligini tan oldi va bu holatdan saboq olishga chaqirdi. Gebreyesus shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va birlamchi tibbiy yordam tizimini rivojlantirish uchun sarmoyalar zarurligi haqida gapirdi.

Unga ko‘ra, inson salomatligini yaxshilashga qaratilgan har qanday qadamda odamlar, hayvonlar va sayyora o‘rtasidagi munosabatlarni hisobga olish muhimdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri dunyoda 78,6 milliondan ortiq COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan. 1,7 milliondan ortiq odam infeksiya qurboniga aylandi.

Virus eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlar ro‘yxatiga AQSh, Hindiston va Braziliya kiradi. To‘rtinchi o‘rinda Rossiya, so‘ng Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Kolumbiya va Argentina joylashgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech