O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Karantin cheklovlari uzaytiriladi. Prezident maxsus komissiya taklifiga rozilik bildirdi

O‘zbekistonda karantin cheklovlari uzaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi. Tadbirda bugungi kunda mamlakatda pandemiyaga qarshi qanday kurash olib borilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, hozirda koronavirus yuqtirganlar soni 18 ming 700 nafardan oshgani, vaziyat hamon jiddiy bo‘lib qolayotgani taʼkidlangan.

Shavkat Mirziyoyev hozirgacha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritar ekan, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 46,5 mingta o‘rin ajratilgani, yana 31 mingta o‘rin tashkil etilishi, 397ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409ta mashina joylarga yetkazilishini taʼkidlab o‘tgan.

«Ahvoli og‘ir bemorlar soni ko‘payib bormoqda. Koronavirusga qo‘shimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, oxirgi 10 kunda 4ta selektor o‘tkazib, hokimlar, vazirlar va boshqa mutasaddi rahbarlarga qo‘shimcha davolash o‘rinlarini tashkil etish, simptomsiz kasallarni uyda tizimli davolash, ularni zarur dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlash, tez tibbiy yordam tizimi ishini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edim. Bugun hisobotlarni eshitamiz», degan davlat rahbari.

Prezident bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanishi, buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘ligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarurligini qayd etgan. 

«Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bunda «Pandemiyaga qarshi kurash – har  birimizning vijdon ishimiz», «O‘zim, oilam, farzandlarim sog‘lig‘i uchun avvalo o‘zim javobgarman», degan fikrlarni xalqimiz ongiga chuqur singdirish va amaliy hayot mezoniga aylantirish lozimligi taʼkidlandi.

Bugun pandemiyani jilovlashda hokimliklar, sektorlar, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar idoralari rahbarlari va xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar zimmasida juda katta masʼuliyat turgani, chunki aholining aksariyati, keksalar, bolalar, xotin-qizlar uyda o‘tirishga majburligi, ularning birinchi galdagi hayotiy ehtiyojlarini taʼminlash, tegishli tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish aynan ana shu tashkilotlarga va faollarimizga bog‘liqligi qayd etilgan.

«Barchamiz hamjihatlikda, chuqur masʼuliyat bilan tizimli ishlasak, bu og‘ir sinovlarni albatta yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab - barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimiz shart», degan prezident.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech