O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Karantin vaqtida stresni qanday yengish mumkin?

Bugungi pandemiya sharoitida ko‘pchilikda stress, xavotir yoki qo‘rquv kabi salbiy holatlar kuzatilayotgan bo‘lishi tabiiy.

Ularga psixologik yordam ko‘rsatish hozirgi vaziyatda juda dolzarb. Psixologlar bu muammo bilan bog‘liq bo‘lgan his-tuyg‘ularni qanday yengish haqida baʼzi maʼlumotlarni taklif qiladi. Hozir biz karantin davrida o‘zimizda yuzaga keladigan stress holatlarini yengish bo‘yicha psixologik tavsiyalar bilan  tanishamiz.

Faol bo‘lishga harakat qiling

Kundalik amalga oshiriladigan ishlar rejasini yoki kun tartibini tuzib oling, uni o‘zingiz va boshqalar ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyga joylashtiring, chunki bu bizning unga rioya qilishimiz ehtimolini oshiradi. Amalga oshiriladigan ishlar, bo‘sh vaqt, jismoniy mashqlar, o‘qish va hokazolarda xilma-xillikni taʼminlang, sizning ichki g‘ayratingiz va qiziqishingizni uyg‘otadigan biron bir yangi loyiha bilan shug‘ullanishga eʼtibor bering. Kayfiyatimiz va his-tuyg‘ularimizni o‘zimiz boshqarishimiz mumkin, shuning uchun nimani his qilayotganingizni bilishga harakat qiling va nega bu hissiyotlarni boshdan kechirayotganingizni tushunish uni boshqarishning birinchi qadamidir.

Aloqada bo‘ling

Ekstrovert yoki introvert bo‘lishingizdan qatʼiy nazar, barchamiz uchun do‘stlar va oila aʼzolari bilan muloqotda bo‘lish bizga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Matnli xabar, video muloqot, ijtimoiy tarmoqlar yoki telefon orqali aloqada bo‘lish bizning boshqalar diqqat markazida bo‘lishimizga xizmat qiladi. Xususan, his qilgan tuyg‘ularingizni ular bilan baham ko‘rish yaxshi natija beradi. Garchi birgalikda muammo hal etilmasa ham, ishongan insonlar bilan suhbatlashishning ijobiy psixologik tomonlari borligi bir qator tadqiqotlar tomonidan ochib berilgan.

O‘z sog‘lig‘ingizga eʼtibor qarating

Maʼlumki, biz baʼzida sog‘lig‘imizni yetarlicha nazorat qila olmaymiz. Karantin va izolyatsiya paytidagi stress va stressli holat bizning immunitetimizni zaiflashtiradi, shu sababli sog‘liqni saqlash uchun faol bo‘lish yana-da muhim ahamiyat kasb etadi. Tarkibida xilma-xil ozuqa moddalari bo‘lgan ovqatlarni isteʼmol qilishga odatlaning hamda ozgina va tartibsiz ovqatlanishdan saqlaning. Baʼzida xavotirlanish hissi bemalol ovqatlanishga xalal berishi mumkin, shuning uchun biz bu omillarni nazorat qilishimiz kerak. Kundalik mashqlar uyquni tartibga solishga yordam beradi, bularning barchasi psixologik salomatlikni yaxshilaydi. Taʼkidlash lozimi, alkogol va giyohvand moddalarni isteʼmol qilish stressni yengib o‘tishda yordam bermaydi.

Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni nazoratga oling

2016 yilda Zika virusi inqirozi paytida “Tvitter” kabi ijtimoiy tarmoq maʼlumotlariga tayanuvchi foydalanuvchilarda oddiy yangiliklarni kuzatib boruvchilarga qaraganda yuqori darajadagi stress va xavotirlar qayd etilganligi aniqlandi. Aslida, inqirozli vaziyatda juda ko‘p ommaviy axborot vositalaridan foydalanish stress darajasining ortishiga olib keladi. Yangiliklarni kuzatishni cheklang va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kamaytiring Ishonchli maʼlumotlarni beruvchi anʼanaviy milliy ommaviy axborot vositalarini kuzating.

Agar siz karantinga yoki izolyatsiyaga olingan bo‘lsangiz, bularni nafaqat o‘zingiz, balki yaqinlaringiz uchun ham qilayotganingizni esda saqlang. Bu altruizmning asosiy belgisidir. Sizni xalqimizning oddiy qahramonlaridan biri deb taʼkidlash mumkin. Buning uchun biz sizdan minnatdormiz!

Nargiza Xalilova,
Nizomiy nomidagi TDPU dotsenti,
psixologiya fanlari nomzodi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech