O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Kasallik varaqalari berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Prezidentning 19.03.2020 yildagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5969-son Farmoniga muvofiq sog‘liqni saqlash vaziri o‘z buyrug‘i bilan Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tuzatishlar kiritdi (ro‘yxat raqami 2667-2, 15.06.2020 yil).

O‘zgartirishlarga asosan Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik maʼlumotnomasi o‘tkazib yuborilgan kunlarga quyidagi hollarda ham beriladi:

  • maktabgacha taʼlim tashkilotida yoki 6 yoshga to‘lmagan bolaga o‘rnatilgan karantin holatida. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi  bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa aʼzosiga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) organlari tomonidan beriladi. Tuzatishlar bilan mehnatga layoqatsizlik varaqasi  muddatini cheklash bekor qilindi – 14 kungacha;

  • bajarayotgan ishining xususiyatiga ko‘ra yuqumli, parazitar kasalliklarni tarqatish xavfini tug‘diradigan shaxslar ishdan chetlashtirilganda yoki atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan yuqumli va parazitar kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga, parazitar kasalliklar bilan zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan tibbiyot muassasasida karantinga olingan shaxslarga. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga beriladi (ilgari – davlat sanitariya nazoratining mansabdor shaxsi tomonidan belgilangan muddatga). Ko‘rsatilgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi elektron shaklda berilishi mumkin;

  • yuqumli, parazitar kasalliklar bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada karantinga olingan shaxslarga. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga, shu jumladan elektron shaklda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) organlari epidemiologi yoki sanitar vrachi tomonidan beriladi;

  • uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga hamda karantinga olingan shaxslarning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi.

 Mazkur o‘zgartirishlar Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.

 Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 15.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Manba

Farmatevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar bizning @Uzpharm_agency telegram-kanalida
Manzilimiz: 100084 Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 1-A uy.
Telefon: (998 71) 203-81-81
Elektron manzil: farmagentlik@minzdrav.uz

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech