O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirus qachon butkul yo‘q bo‘lishi ma’lum qilindi

Koronavirus infeksiyasining o‘lim muddati eʼlon qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusga ko‘ra, global epidemiya ikki yildan keyin yoki undan barvaqtroq tugashi mumkin.

«Biz uni to‘xtatish uchun yetarli bilim va texnologiyaga suyanamiz», – degan JSST rahbari.

Qayd etilishicha, insoniyat tarixidagi eng yirik kulfatlardan biri – 1918 yilda boshlangan va millionlab oilalarnig yostig‘ini quritgan ispan grippini yengish uchun 2 yil ketgan edi. SOVID-19‘ni esa bundan kamroq muddatda taslim qilish imkoni mavjud. JSST rahbari, anʼanaga ko‘ra, butun dunyo infeksiyaga qarshi bir mushtga do‘nib harakat qilishi lozimligini taʼkidlagan.

Ammo barcha mutaxassislar ham Tedros Adhanom Gebreyesus bilan hamfikr deb bo‘lmaydi. Masalan, Buyuk Britaniya hukumati qoshidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ilmiy kengash aʼzosi Mark Uolport kasallik u yoki bu shaklda insoniyatga abadiy hamroh bo‘lishi, unga qarshi davriy emlash orqaligina kurashilishini qayd etgan.

Ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida taʼlim maskanlari, xususan, maktablar ochilmoqda. Ammo ilk o‘quv kunlaridanoq infeksiya tarqalishi kuzatilmoqda. Shu vajdan aksar davlatlar taʼlim maskanlarini ochishga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Boz ustiga, dunyoning turli mintaqalarida ham antirekordlar qayd etilmoqda. Masalan, dastlabki bosqichdayoq infeksiyani yenggani eʼtirof etilgan Janubiy Koreyaga koronavirus yana qaytdi. Masalan, 23 avgust kuni mamlakatda 397 ta yangi holat ro‘yxatga olindi. Bu esa pandemiya davridagi eng yomon ko‘rsatkichdir.

Yevropada ham vaziyat xotirjam bo‘lishga hali erta ekanini ko‘rsatmoqda. Polsha, Slovakiya, Ispaniya, Fransiyada yangi-yangi kasallik holatlari aniqlanmoqda.

Aholi soni bo‘yicha dunyoning ikkinchi davlati sanalgan Hindiston dunyo bo‘yicha virusning yangi o‘chog‘iga aylanishi mumkin. Hozirgacha hind o‘lkasida 3 million kishida infeksiya aniqlangan, ahvol shu taxlit davom etsa, mamlakat AQSH va Braziliyani ham ortda qoldirishi hech gap emas.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech