O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirus: Samaradorligi 90 foizdan ortiq bo‘lgan ilk vaksina paydo bo‘ldi

Kun.uz nashrining xabar berishicha, AQSH farmatsevtika sanoati giganti Pfizer kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinasining uchinchi bosqichi sinovlarining dastlabki natijalari haqida hisob berdi. 

Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan koronavirusga qarshi vaksinaning insonlarda o‘tkazilgan sinov dastlabki natijalari 90 foiz samaradorligini ko‘rsatmoqda. Vaksinaning uchinchi fazadagi sinovi 27 iyul kuni boshlangandi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu sinovlarda qatnashayotganlarning vaksina olganlarida qolganlariga qaraganda 90 foizga yaxshiroq natija kuzatilgan (Ko‘ngillilarning yarmi haqiqiy vaksina olmaydi, teng yarmi haqiqiy vaksina oladi. Bu platsebo usuli deyiladi).

Kompaniyadagilarning taʼkidlashicha, vaksinaning samarali taʼsirini emlash boshlanganidan 28 kun o‘tib bilish mumkin — bu vaqtda bemorga ikki doza yuboriladi. Tadqiqotda jami 43 ming 538 nafar ko‘ngilli ishtirok etmoqda. Ularning hech birida vaksinaning nojo‘ya taʼsiri kuzatilmagan.

Pfizer bu natijalarni «fan va insoniyat uchun kun» deb taʼriflagan. Kompaniyadagilar yaqin vaqtlar ichida barcha statistik maʼlumotlar tahlil qilinishi, shundan keyin natijalar ilmiy jurnallarda nashr etilishi, kompaniya esa vaksinani tarqatish uchun meʼyoriy ruxsatnomani olishni boshlashi mumkinligini qayd etishgan.

Shuningdek, Pfizer 2020 yil oxiriga qadar bozorga 50 million dozada vaksina yetkazib berilishi, keyingi yil mobaynida bu miqdor — 1,3 milliard dozaga yetkazilishini maʼlum qilgan.

Hozirda — yakunlovchi — uchinchi bosqich sinovlari dunyoda bir necha vaksinalarda o‘tkazilmoqda. Rossiyaning «Sputnik V», AQSHdagi AstraZeneca va Moderna kompaniyalari, shuningdek, Xitoyning bir necha vaksinalari shular jumlasidandir.

Avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts barcha sinov bosqichidan o‘tgan koronavirusga qarshi vaksina AQSHda kelasi yil boshlarida paydo bo‘lishini aytgan, u bu borada Pfizer birinchi bo‘lishi kutilayotganini maʼlum qilgandi.

«Agar omad kulib boqsa, bizda hozir uchinchi bosqich sinovida bo‘lgan olti preparatdan ikki yoki uchtasi bo‘ladi. Pfizer‘da birinchi bo‘lish imkoniyati bor. U vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha juda tajribali kompaniya va u o‘z tadqiqotini juda puxta rejalashtirgan», degandi Geyts.

Yil boshidan buyon butun dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 50 million kishidan oshdi, 1,26 million kishi kasallik oqibatida vafot etdi. So‘nggi bir haftada 500-600 ming kishi virusdan zararlangan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech