O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirusga chalingan bemorlarni shifoxonadan tashqarida davolagan tibbiyot xodimlari javobgarlikka tortiladi

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni belgilangan davolash-profilaktika muassasalaridan boshqa joylarda inyeksion va infuzion dori vositalaridan foydalangan holda davolash va shifokor buyurgan muolajalarni amalga oshirish taqiqlandi.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining shu yilning 6 avgust kuni qabul qilingan “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘ida batafsil bayon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun moslashtirilgan davolash-profilaktika muassaslaridan tashqarida bemorlarni davolamaslik va belgilangan muolajalarni olib bormaslik to‘g‘risida yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlaridan kafolat xatlari olinadi. Vazirlikning tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilish boshqarmasi mazkur tartibga amal qilinishini nazoratga oladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlari rahbarlariga ham ushbu qoidaga amal qilish tavsiya etildi.

Mazkur tartibga rioya qilmagan xodimlar Sog‘liqni saqlash vazirining shu yilning 5 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi ishlarni yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga va “COVID-19” bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalar”ning 6-nashrida belgilangan tartib va tavsiyalarga zid harakat qilgan deb topilib, javobgarlikka tortilishi qatʼiy belgilab qo‘yildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech