O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirusga qarshi samarali preparatlar aholiga davlat hisobidan berilmoqda

Mamlakatimizda pandemiya sharoitida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan dori-darmon taqchilligini oldini olish maqsadida davlatimiz tomonidan qator choralar ko‘rilmoqda. Avvalo, hududlarda yetishmovchilik kuzatilayotgan dori-darmonlar aniqlanib, ularni yetkazib berish masalalari hal etilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabar berishicha, hozirda ushbu dori vositalarining 24 milliard so‘mlik zaxirasi shakllantirilib, ayni paytgacha poliklinikalar orqali 300 ming to‘plam dori qutilari aholiga tarqatilmoqda. 

Maʼlumki, hozirda jahon tibbiyotida koronavirus infeksiyasidan davolash uchun “Remdesivir” va “Favipiravir” dori vositalari keng qo‘llanilmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, aholini aynan shunday sifatli va qimmatbaho preparatlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirga qadar kasallikning boshlang‘ich bosqichidagi bemorlar uchun 17 ming dona (17 ming nafar bemorga mo‘ljallangan) “Favipiravir” va og‘ir holatdagi bemorlar uchun 15 ming dona (2 500 nafar bemorga mo‘ljallangan) “Remdesivir” dori vositasi davolash muassasalariga bepul yetkazib berildi. 

Eng eʼtiborlisi, yurtimizda ham ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilayotgan “Remdesivir” preparati bilan aholini taʼminlash qisqa vaqt ichida bir necha barobarga oshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, ayni paytgacha maktab o‘qituvchilari uchun 4 million 715 ming dona tarkibida koronavirusga qarshi samarali bo‘lgan sink mikroelementi mavjud preparatlar yetkazib berildi.

Davlat rahbari tomonidan har oy shu kabi dori vositalari turkumini respublika shifoxonalariga uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech