O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirusga qarshi vaksinani qaysi davlat birinchi ishlab chiqaradi?

COVID-19 virusiga qarshi tezlik bilan ishlab chiqilayotgan vaksina xavfli emasmi? Vaksinani kim birinchi bo‘lib ishlab chiqadi? Axborot maydonidagi ishonchli manbalardan ushbu savollarga javob topishga urinib ko‘rdik.

Bir qancha davlatlarda COVID-19ga qarshi vaksina tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda. Ko‘pgina davlatlar koronavirusning ikkinchi to‘lqinida virusga qarshi vaksina bilan himoya qilinishga umid qilmoqdalar. Jiddiy savol tug‘iladi, rekord darajadagi qisqa muddat ichida ishlab chiqilayotgan vaksina samarali bo‘ladimi?

Rossiya qisqa muddat ichida vaksina ustidagi ishlarini yakunlashini bir necha marotaba maʼlum qildi. Rossiyaning Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaning taʼkidlashicha hozirda vaksina bo‘yicha ikkita samarali tadqiqot mavjud. Ulardan biri Gamalei nomidagi Moskva epidemiologiya instituti va mamlakat Mudofaa vazirligi hamkorligida olib borayotgan tadqiqotdir.

Golikovaning so‘zlariga ko‘ra ushbu institut sentyabrda vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi kerak. Rossiyaning vaksina ustidagi ikkinchi tadqiqoti Novosibirskning “Vektor” markazida olib borilmoqda. “Vektor” markazi vaksinani sentyabrda ro‘yxatdan o‘tkazib, oktyabr oyida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Yil yakuniga borib, AQSHning “Moderna” kompaniyasi ham vaksina ishlab chiqara boshlashini maʼlum qilgan. Ushbu markaz vaksinasi hozirgacha 30 ming nafar ko‘ngillilarda sinab ko‘rilgan.

Vaksina samarali va xavfsizligiga to‘liq ishonch hosil qilingach, markaz 10 milliondan ortiq miqdorda vaksina ishlab chiqarishi kutilmoqda. 2020 yil so‘nggida Angliyaning Oksford universiteti vaksinasi ham tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

Bahorda tadqiqotchilar vaksina ishlab chiqish ishlari bir yil muddatdan kam bo‘lmasligini taʼkidlagan edilar. Endilikda qisqa muddat ichida koronavirusga qarshi vaksina tayyor bo‘lgani aytilmoqda. Bu vaksinalar xavfli va samarasiz ekanligini anglatmaydimi?

Mazkur savolga Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi xalqaro vaksinalar ishlab chiqarish instituti xodimi Mixael Favorov “Euronews” telekanali muxbiriga quyidagicha javob bergan.

«Bu savolga aniq javob berish qiyin. Chunki, shu vaqtgacha hech qachon bunchalar qisqa vaqt ichida vaksina ishlab chiqilmagan va tabiiyki uning natijasi ham kuzatilmagan. Biroq, texnologiyalar o‘zgarmoqda. 10 yil avval iloji yo‘q bo‘lgan ishlar bugun oddiy holga aylanmoqda. Vaksinaning birinchi faza sinovlari ko‘pincha oson kechadi. Eng qiyini va asosiysi ikkinchi faza hisoblanadi. Ikkinchi fazada vaksina olganlarni olti oy davomida kuzatish lozim. Bu faza sinovlari to‘liq Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti meʼyorlari asosida o‘tkazilishi shart», deydi institut ilmiy xodimi Mixail Favorov.

Ilmiy xodimning qayd etishicha, vaksina sinov jarayonlari uzoq muddat talab etgani sabab noyabr va hatto yanvar oylarida ham ommaviy ravishda odamlarni emlash jarayoni boshlanmasligi mumkin. Uning fikricha sinovlar tugagach, vaksina ishlab chiqarish jarayoni ham maʼlum vaqt talab qiladi. Hamda vaksina tayyor bo‘lgunicha qo‘yilgan talablar, bir nechta fazali sinov jarayonlari uni to‘liq xavfsizligini taʼminlab beradi.

Shuningdek, Mixail Favorov“Euronews”ga bergan intervyusida Rossiyaning Gamalei nomidagi instituti ishlab chiqqan vaksinani ko‘rmagani va uni samaradorligini isbotlab berishmaganini maʼlum qilgan. Uning fikricha mazkur institut vaksinani hayvonlarga qilib ko‘rmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarda sinay boshlagan.

Shu bilan birga tadqiqotchi kuz faslida virusning ikkinchi to‘lqini boshlanishi ehtimoli yuqori ekanligini aytmoqda. «Ko‘pincha respiratorli yaʼni nafas yo‘li viruslari kuz, qish fasllarida kuchayishi kuzatiladi. Koronavirus ham bundan mustasno bo‘lmasligi mumkin», deydi Mixail Favorov.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech