O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirusga qarshi Xitoyda yaratilgan vaksinaning klinik sinovlari O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi mumkin

Xitoylik olimlar tomonidan COVID-19 virusiga qarshi yangi turdagi vaksinani sinovdan o‘tkazish masalasi muhokama etildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xitoyning Fanlar Akademiyasi, Xalqaro fan tashkilotlari Alyansi hamda “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari o‘rtasida video-konferens aloqasi orqali muzokara amalga oshirildi. Yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Xitoy tomonidan Xalqaro Fan tashkilotlari Alyansi ijrochi direktori Chingua Kao (Jinghua Sao) raislik qildilar.

Muzokara davomida Xitoy Fanlar Akademiyasi va “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” tomonidan ishlab chiqarilayotgan COVID-19 virusiga qarshi vaksina sinovlarini amalga oshirishda hamkorlikni olib borish masalalari muhokama etildi.

Klinik sinovlardan o‘tkazish uchun taklif etilgan yangi vaksina rekombinant oqsil texnologiyasiga asosan koronavirusning retseptor bog‘lovchi oqsili domeni bo‘lagini ikki marta takrorlash (dimerizatsiya) natijasida yaratilgan. Retseptor bog‘lovchi domen barcha turdagi koronaviruslarda o‘xshash bo‘lgani uchun bu vaksina MERS, SARS va COVID-19 viruslari uchun universal taʼsirga ega. Bu vaksina Xitoy Davlat farmakopiyasining talablariga qatʼiy muvofiq holda ishlab chiqilgan va xavfsizlikning yuqori darajasi bilan ajralib turishi maʼlum qilindi. Yangi vaksinani olish texnologiyasi 2020 yil 6 avgustda nufuzli “Cell” jurnalida Xitoylik olimlar guruhi tomonidan chop etildi.

Ushbu vaksina klinik tadqiqotlar uchun Xitoy Milliy tibbiyot mahsulotlar administratsiyasi tomonidan joriy yil 20 iyunida tasdiqlangan va jahonda koronavirus infeksiyasiga qarshi uchinchi vaksina hisoblanadi.

Insonlar o‘rtasida birinchi va ikkinchi faza sinov vaksinatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va ikkinchi-faza sinovlarining yakunlanishi oktyabr oyida bo‘lishi kutilmoqda. Yangi vaksina uchun klinik sinovning uchinchi fazasi 2020 yilning to‘rtinchi choragida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Xitoy tomoni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi bir qator mamlakatlarda parallel ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilganini aytib, O‘zbekistonda ham ko‘ngillilar o‘rtasida ushbu sinov jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish istagida ekanliklarni bildirdi. Shuningdek, vaksina sinovlarining 3-bosqichini Uzoq Sharq va Arab mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham o‘tkazish ehtimoli haqida ham so‘z bordi. Agar vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, sinov natijalari asosida ushbu vaksinani O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida foydalanish mumkinligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida sinov o‘tkazish bo‘yicha moliyaviy xarajatlar va sinov jarayonlarining muddatlari muhokama etildi. Muzokaralar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi ilmiy-tadqiqot markazlarida test sinovlarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilishiga kelishildi. Xitoy tomoni 3-faza sinovlarini o‘tkazishda ham metodik ham moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston tomonidan xitoylik hamkorlarning takliflari ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosa berilishiga kelishib olindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech