O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Koronavirusni davolashda tavsiya etilgan dori vositalarini birvarakayiga qo‘llash mumkinmi?

Hozirda koronavirusga chalinib, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmay, boshqa bemorlar yoki mutaxassis bo‘lmagan kishilar bergan tavsiyalarga ko‘ra davolanish oqibatida ularning ahvoli salbiy tomonga o‘zgarmoqda. Uy sharoitida davolanish jarayonida bemorlarda tug‘iladigan eng muhim savollarga Cog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov javob beradi.

— Nega “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar, tavsiya etilayotgan dori-darmonlarning turlari o‘zgarib turibdi?

— Ayni paytda mamlakatimizda “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarining yettinchi nashri amal qilmoqda. Bundan oldin davo muolajalarining oltita nashri eʼlon qilingan edi. Vaqt o‘tishi, virusning mutatsiyaga uchrashi hamda uning o‘zini namoyon etishi evolyutsiyaga uchramoqda, buning natijasida esa, davolash standartlari ham o‘zgarib bormoqda. Masalan, oldingi nashrga binoan yengil va o‘rta og‘ir darajadagi bemorlarga tavsiya qilingan dorilar hozirda butun dunyoda bo‘lgani kabi bizda ham mutaxassislar fikri inobatga olinib, maxsus ko‘rsatmaga binoan ayrim bemorlargagina beriladigan bo‘ldi.

Virusning har bir mintaqa, har bir iqlimda o‘ziga hos mutatsiyaga uchrash holati kuzatilmoqda. Buyuk Britaniya yoki AQSHning iqlim sharoiti biznikidan tubdan farq qilgani uchun ularning tavsiyalari doim ham bizga mos kelavermaydi. Shuningdek, hozirda bemorlarga virusga qarshi “Favipiravir” preparati tavsiya etilmoqda. “Favipiravir” (“Avigan”) dori vositasi Afrikadagi Ebola virusiga qarshi o‘zining ijobiy taʼsirini ko‘rsatgan. Shu bois virusga qarshi samarodorligi isbotlangan “Favipiravir”ni koronavirusning yengil darajalarida faqat shifokor tavsiyasi asosida qabul qilish ham mumkin.

— Odamlar orasida koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganda isiriq tutatish foydali ekani, bemorning tez-tez og‘iz-burnini tuzli, sirkali suv bilan chayib turishi virusni zararsizlantirishi haqida gap-so‘zlar yuribdi, shu to‘g‘rimi?

— Koronavirusning zaharli taʼsirini kamaytirish uchun doimiy ravishda iliq suv bilan og‘iz burun bo‘shlig‘ini namlantirib turish foyda beradi. Bunda suvga oz miqdorda tuz ham solish zarar qilmaydi. Ammo sirkadan foydalanish xavfli. Toza holatdagi sirka bilan burun va og‘iz bo‘shlig‘ini chayish, uning shilliq qavatini shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa, shilliq qavatdagi virus va infeksiyalarni ushlab qolish jarayonining sustlashishi va butunlay to‘xtashiga olib keladi. Natijada virusli kasalliklarni tez va oson yuqtirib olish holati ro‘y beradi. Bu esa virusning to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘pkaga o‘tib, uni ko‘proq zararlashiga sabab bo‘ladi. Isiriqning esa koronavirusga qarshi samarasi ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Ammo foydalanish zarar qilmaydi.

— Koronavirus bilan kasallanganlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarining yettinchi nashrida ko‘rsatilgan “Deksametazon”, “Kleksan”, “Flenoks”, “Sefazolin”, “Gidroksixloroxin” preparatlarini uy sharoitida bir vaqtning o‘zida qabul qilish mumkinmi?

— Qatʼiy taqiqlanadi. Ayni paytda bu mavzuda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Afsuski, ko‘pchilik shu kasallikni boshdan o‘tkazgan bemorlar va ularning yaqinlari tavsiyasiga sabab turli dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanmoqda. Bu esa, ularning ahvolining yaxshilanishi emas, yomonlashishiga sabab bo‘lyapti. Shuningdek, yuqorida aytilgan dori vositalarining ko‘pchiligini uy sharoitida qo‘llash mumkin emas. Shu bois ham, avvalo, uy sharoitida davolanishni boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech