O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Maxsus dorixonalarda tayyorlab berilgan suyuq preparatlar shuningdek, uy sharoitida tayyorlanadigan dorivor damlama va qaynatmalarni qancha muddatgacha saqlash mumkin?

Kiyim-kechaklarni jovonga, oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatkichga joylaymiz, dori-darmonlarni-chi? Ularni qayerda saqlash lozim?

Qay biri qayerga?

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, har bir preparat yo‘riqnomasida saqlash qoidasi ko‘rsatilgan. Dori vositalarini quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmaydigan va namlik darajasi moʻtadil bo‘lgan joyda saqlash kerak. Tabletka va kapsula ko‘rinishidagi preparatlar uchun namlik darajasi g‘oyat muhim. Ularni salqin va quruq joyga qo‘ying. Aerozol yoki sprey shaklidagi dorilar uchun yorug‘lik nuri va xona harorati yuqori bo‘lmasligiga eʼtibor qarating. Tindirma (nastoyka) yoki tomchi dorilar qo‘ng‘ir (himoyalangan) tusli idishlarda ishlab chiqilsa-da, ular ham quyoshni “xushlamaydi”.

Muzlatkichga qo‘yamizmi?

Agar preparat yo‘riqnomasida «Salqin va yorug‘lik nuridan himoyalangan joyda saqlang» deyilgan bo‘lsa, harorat ko‘rsatkichi 15 darajadan oshmagan holda muzlatkichga joylash mumkin. Shuningdek, «5 daraja haroratdan oshmagan holda saqlansin» deya ko‘rsatma berilgan bo‘lsa, dorilarni muzlatkichga qo‘ysa bo‘ladi. Surtma va moyli dorilar, shamchalar hamda suyuq ko‘rinishdagi preparatlar uchun muzlatkich eshigidagi qavatlar munosib tanlov.

Muddati qancha?

Hozirda ishlab chiqarilayotgan dori vositalari o‘rtacha 2-5 yilga mo‘ljallangan. Ammo, ko‘rsatilgan muddatdan ko‘ra qanday sharoitda saqlanishi muhim. Maxsus dorixonalarda tayyorlanib beriladigan suyuq preparatlar 2-3 kun, kukun holida suv aralashtiriladigani esa 12-14 kungacha qo‘llanilishi mumkin. Uy sharoitida tayyorlanadigan damlama va qaynatmalarni esa uch kundan ortiq saqlab bo‘lmaydi. Foydalanish jarayonida, albatta, muzlatkichda turishi kerak. Agar suyuq preparat yuzasida ko‘pik yoki rangining xiralishishi kuzatilsa, undan voz keching! Muddati eskirgan dorilarni esa kanalizatsiya quvurlariga oqizish mumkin emas! Yaxshisi, qutisiga solib, og‘zini berkiting-da, chiqindi chelagiga tashlang.

Farmatsevtika fanlari nomzodi,
dotsent Muattar Xo‘jayeva

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech