O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Mutaxassis: Antibiotiklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish allergik reaksiya va o‘lim holatiga sabab bo‘lishi mumkin

Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda antibiotiklarni noto‘g‘ri qo‘llash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi. Bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam ko‘rsatkich emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050 yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibragimova antibiotiklarni retseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan ham antibiotikka zarurat tug‘ilganda u taʼsir qilmay qolishiga olib kelishini taʼkidlaydi.

— Buning sababi organizmda antibiotikka nisbatan chidamlilik paydo bo‘lgan bo‘ladi, — deydi Muhabbat Ibragimova. — JSST tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qo‘llaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo‘lsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik taʼsir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon.

Koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb o‘ylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qila boshlagan edi.

O‘sha kunlardan beri koronavirusga chalinganda antibiotik kasallikka taʼsir qilmasligi haqida bot-bot taʼkidlab kelmoqdamiz. Chunki uning sababchisi bakteriya emas, virus bo‘ladi. Bemorning ahvoli og‘irlashib, immunitet kuchsizlanadi.

Bu taʼkidlar bugun ham dolzarbligini yo‘qotmaganini ko‘rib turibmiz.

Antibiotiklardan pala-partish, ayniqsa, uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa aʼzolari faoliyatiga ham salbiy taʼsir etadi.

Jumladan, insonda jigar va buyrak yetishmovchiligi bo‘lsa, ushbu vositadan o‘zboshimchalik bilan foydalanish oqibatida anafilaktik shok, yaʼni allergik reaksiya bo‘lib, o‘lim holatiga sabab bo‘lish xavfi bor.

Mutaxassisning fikricha, shu boisdan antibiotiklarni faqat va faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim. Aks holda, kasallikdan davolanaman, deb o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligiga jiddiy zarar yetkazib qo‘yishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, internet tarmog‘ida Angren shahrida 11 yoshli bemor qizga uy sharoitida tibbiy ko‘rsatmasiz “Seftriakson” antibiotigini inyeksiya qilinganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Joriy yilning 20 oktyabrida bemor dori vositasidan kelib chiqqan allergik reaksiya va anafilaktik shok tufayli vafot etgani xabar qilgan edik.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish 
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech