O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi “Rivaroksaban”ning O‘zbekistondagi ilk jenerigini ishlab chiqarish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini boshladi

Xabaringiz bor,  2021 yil 1 martga qadar, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dori moddalari (substansiyalar) import qilinganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish va realizatsiya qilishga ruxsat berilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan.

Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashishda mamlakatda dori vositalari, taqchilligining oldini olish, shuningdek fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilishini taʼminlash maqsadida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi yana bir xushxabarni maʼlum qildi.

Tromboz  –  tibbiyotning keng tarqalgan muammolaridan biri bo‘lib, COVID-19 pandemiyasi davrida yana-da dolzarblik kasb etdi.

Butun dunyoda ushbu muammoning oldini olish va davolashda qo‘llaniladigan dori-darmonlarga extiyoj tobora ortib borayotgani maʼlum. “Rivaroksaban” – trombning oldini olish va davolash uchun ishlatiladigan preparatlardan biri hisoblanadi. “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi ushbu preparatning O‘zbekistondagi ilk jenerigini ishlab chiqarish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini boshladi.

“Rivaroksaban” - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi tomonidan 2020 yil 20 sentyabrda tasdiqlangan «Koronavirus infeksiyasini oldini olish, diagnostikasi, davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik yo‘riqnoma»ning sakkizinchi versiyasida davolash-profilaktika jarayonlarida foydalanish uchun tavsiya etilgan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida, MDHning boshqa mamlakatlarida va uzoq xorijda COVID-19 infeksiyasini davolash bo‘yicha tavsiyanomalarga kiritilgan.

“Nobel Pharmsanoat” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini oldini olish yuzasidan joriy qilingan tezkor chora-tadbirlar doirasida davlat ko‘magiga tayangan holda, yaʼni ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibi tufayli, mamlakatdagi ilk jenerik preparat – “Rivaroksaban”ni tabletka ko‘rinishida ishlab chiqarish uchun zarur barcha jarayonlarni qisqa vaqt ichida amalga oshirdi.

20 milligramm dozadagi “Rivaroksaban Nobel”  2020 yil sentyabr oyining oxiri - oktyabr oyining boshlarida mamlakat dorixonalariga yetkazib beriladi. Preparatning 10 va 15 milligramm ko‘rinishdagi turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jarayonlar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi avvalroq O‘zbekistonda “Kovipir” nomi ostida favipiravir faol moddasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. Bundan tashqari, yana bir muhim preparat – 250 milligramm dozadagi “Vitamin S” dori vositasini ham ishlab chiqarmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech