O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Oltin voha" telegram kanalidagi "R/500 yozuvi bo‘lgan paratsetamol tabletkasini qabul qilishdan saqlaning" sarlavhali xabar yuzasidan raddiya

Joriy yilning 7 fevral kuni "Oltin voha" telegram kanalida "R/500 yozuvi bo‘lgan paratsetamol tabletkasini qabul qilishdan saqlaning” sarlavhasi ostida xabar joylandi. Mazkur xabarga esa (eʼtibor bering!) Farg‘ona viloyati Uchko‘rik tumanida faoliyat yuritayotgan «ZUNNUR SERVIS FARM» MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan "Paratsetamol 500 mg" dori vositasi fotosi ilova qilingan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ushbu xabar yuzasidan raddiya bildirib, quyidagilarni maʼlum qiladi:

"Oltin voha" telegram kanalida aytilgan "Fuqarolar R/500 yozuvi bo‘lgan paratsetamol tabletkasini qabul qilishdan saqlanishlari, ushbu hapdori yangi chiqqan oppoq va yarqiroq tusda bo‘lib, shifokorlarning aytishicha, uning tarkibida “Machupo” deb ataluvchi virus mavjudligi, u dunyodagi eng xavfli viruslardan biri hisoblanishi" haqidagi maʼlumotlar xaqiqatga to‘g‘ri kelmaydi!

Aynan shu mazmundagi xabarlar ilk marta angolaliklar tomonidan 2015 yilda o‘ylab topilgan bo‘lib, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, uydirma juda tez ommalashib ketadi. Maʼlumot uchun, xabarda aytilgan “Machupo” virusi tabletkada uzoq vaqt davomida yashay olishi ilmiy nuqtai nazardan isbotlanmagan.

Xo‘sh, machupo qanday virus?

Wikipedia saytidan olingan maʼlumotga ko‘ra, machupo virusi (lot. Machupo mammarenavirus, MACV) - bu Arenaviridae oilasiga mansub virus turi hisoblanadi. 1963 yilda Karl Jonson va uning hamkasblari tomonidan Janubiy Amerikalik odamlarda va Calomys callosus turidagi kemiruvchilarda aniqlangan.

Virus Boliviya gemorragik isitmasining qo‘zg‘atuvchisi (ingl. Bolivian hemorrhagic fever). Ushbu virus bilan kasallanish birinchi marta Boliviyada 1959 yilda qayd etilgan. Keyinchalik epidemiya Boliviyaning shimoliy qismida 1971 va 1994 yillarda kuzatilgan.

Yuqoridagi xabarga ilova qilingan fotodagi «ZUNNUR SERVIS FARM» MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan "Paratsetamol 500 mg" dori vositasi tarkibida “Machupo” virusi borligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarga kelsak, aytib o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra:

Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi (12-modda);

Maʼlumot uchun: «Paratsetamol 500mg» dori vositasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. (Ro‘yxatdan o‘tgan raqami DV/M 0293/12/19)

Farmatsevtika faoliyatining dori vositalarini hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish yo‘nalishlari belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi (15-16-moddalar);

Maʼlumot uchun: «Paratsetamol 500mg» dori vositasini ishlab chiqargan «ZUNNUR SERVIS FARM» MCHJ farmatsevtik faoliyat uchun litsenziya berilgan korxonalar ro‘yxatida mavjud. Litsenziya raqami – 13869 (09.12.2016)

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 apreldagi 122-son qaroriga muvofiq, farmatsevtika mahsulotlari majburiy tarzda sertifikatlashtirilishi belgilangan bo‘lib, «Paratsetamol 500mg» dori vositasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlardan o‘tkazilgan va sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tegishli qonun xujjatlariga asosan, «Paratsetamol 500mg» dori vositasi:

— Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati uchun berilgan litsenziyaga ega korxona tomonidan ishlab chiqarilganligi;

— Belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib “Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestri”ga kiritilganligi;

— Akkreditatsiyadan o‘tgan sertifikatlashtirish organlari tomonidan tegishli laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan mahsulot ekanligini va bu dori vositasining sifati borasida yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklari kerakligini bildiradi.

Shu o‘rinda, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati sohaga oid savollar bo‘yicha doimo muloqotga tayyor ekanligini maʼlum qilib, "Oltin voha" telegram kanali maʼmurlariga:

— Ijtimoiy tarmoqlar orqali ishlab chiqaruvchi yoki raqobatchini obro‘sizlantirish yoxud iqtisodiy zarba berish maqsadida asoslanmagan, yolg‘on ovozli, foto va videoxabarlarni tarqatgatlik uchun Jinoyat kodeksining 192-moddasida javobgarlik belgilanganligini;

— jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022-moddasida javobgarlik belgilanganligini;

— “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 121-moddasi 2-qismiga muvofiq, veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shartligini eslatib o‘tadi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Farmatsevtika sohasiga oid Sizni qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalar bo‘lsa, shaxsingiz haqidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda telegramdagi quyidagi @uzpharmagency_bot manzilimiz orqali murojaat etishingiz mumkin.

Albatta, har bir murojaatga eʼtibor qaratilishi, tegishli mutaxassislar tomonidan javoblar berilishi taʼminlanadi.

Biz bilan bog‘lanish: (71) 203-81-81

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech