O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Og‘riq qoldiruvchi dorilarning qanday zarari bor?

Hayotida bir marta bo‘lsa ham tish yoki bosh og‘rig‘idan aziyat chekmagan inson bo‘lmasa kerak. Albatta, bunday paytda ko‘pchilik og‘riq qoldiruvchi dorilarga murojaat qiladi. Biroq ularning qo‘llashda meʼyorni bilish muhim.

— Bugun dorixonalarda sotilayotgan farmatsevtik mahsulotlar orasida og‘riq qoldiruvchi preparatlarga talab yuqori, — deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova. — Ayniqsa, analgin, sitramon va trimolning bozori chaqqon.

Chunki og‘riqdan aziyat chekuvchi ko‘pchilik bemorlar ushbu tabletkalarni muntazam qabul qilishga odatlangan. Ammo ularni palapartish yoki uzoq muddat qo‘llash turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishini unutmaslik lozim.

Bilamizki, organizmda maxsus sezgi retseptor va notsiseptorlar bo‘lib, ular og‘riq impulslarini markazga yo‘naltiradi. Bunga javoban tana endorfin va enkefalinlarni ishlab chiqaradi. Ular og‘riqni maʼlum darajada pasaytiradi. Biroq og‘riq zo‘rayganda deyarli foyda bermaydi. Bunday hollarda o‘z-o‘zidan og‘riq qoldiruvchi vositalarni qo‘llash zarurati tug‘iladi.

Ushbu dorilarning kimyoviy tarkibi, tuzilishi va taʼsir mexanizmiga qarab, narkotik va nonarkotik analgetiklar guruhiga bo‘linadi. Birinchi guruhga morfin va uning sintetik hosilalari (promedol, omnopon, fentanil va boshqalar) kiradi. Ular statsionar sharoitda kuchli og‘riqlar, jumladan, shikastlanish, kuyish, miokard infarkti ro‘y berganda hamda jarrohlik aralashuvidan keyin qo‘llaniladi.

Nonarkotik analgetiklarga kimyoviy tuzilishi turlicha bo‘lgan sintetik moddalar (amidopirin, analgin, atsetilsalitsil kislotasi, paratsetamol va boshqalar) kiradi. Bu xil preparatlarning yuqoridagilardan farqi — taʼsiri kuchsizroq bo‘lib, asosan, nevralgiya, mialgiya, tish, bosh va bo‘g‘im og‘riqlarida ishlatiladi.

Mazkur dorilar og‘riq qoldirish bilan bir qatorda isitmani tushirishga ham yordam beradi. Shu bilan birga, nonarkotik analgetiklarning yallig‘lanishga qarshi taʼsiri ham bor.

Qolaversa, nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar (NYAQP) guruhiga mansub dorilar (diklofenak, ibuprofen, naproksen, indometatsin, ketoprofen, ketorolak va boshqalar) ham o‘rtacha og‘riqlarni bartaraf etadi. Ularning taʼsir mexanizmi asosan og‘riq va yallig‘lanish mediatorlarining ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qilishga asoslangan.

Aytish kerakki, narkotik analgetiklarning og‘riq qoldirish xususiyati bilan birga, zararli taʼsiri ham yo‘q emas. Bunday dori vositalari uzoq muddat qo‘llanganda insonda ko‘nikish, ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaradi.

Nonarkotik analgetiklardan ko‘p miqdorda foydalanish meʼda yarasi, o‘ta yuqori sezuvchanlik, ovqat hazm qilish va ko‘rish muammolari, tromb hamda turli allergiyalarni paydo qilishi mumkin. Shuningdek, bu holat immun tizimi buzilishi, yurak-qon tomir va nafas olish kasalliklari, jigar hamda o‘t chiqarish, buyrak va peshob yo‘li xastaliklariga ham sabab bo‘lishi isbotlangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, og‘riq qoldiruvchi dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasiga binoan va uning kuzatuvi ostida qabul qilish maqsadga muvofiq.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech