O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbek tili BMTda: Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston yangi marralarga intilmoqda

Turkiyada chop etiladigan “Jumhuriyat” gazetasining 2020 yil 21 sentyabrdagi sonida “O‘zbek tili BMTda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Quyida ushbu maqola eʼtiboringizga havola etilmoqda.

O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi turkiy jumhuriyatlar ichida aholisi eng zich o‘lka. Mamlakat aholisining asosiy qismi o‘zbeklardan iborat. Ayni vaqtda qo‘shni o‘lkalar – Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonda ham ko‘p sonli o‘zbeklar yashaydi. Ushbu xususiyatlar hisobga olinganda, rasmiy Toshkent butun mintaqaning barqarorligini taʼminlashda katta hissa qo‘sha oladi.

Turklar taʼbiri bilan aytganda “O‘z kent” (asil kent) hisoblangan Farg‘ona vodiysi avvallari islomiy ekstremizm bilan qo‘shib tilga olinar edi. Vodiy mintaqasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududlarida joylashgan bo‘lsa-da, uning katta qismi rasmiy Toshkent boshqaruvi ostidadir.

O‘zbekistonning ishtirokisiz Afg‘oniston, Xitoy hatto butun dunyoda ekstremizmning oldini olish oson bo‘lmaydi. Mintaqada g‘oyaviy nazorat o‘rnatilma-sa, ekstremistlar Qozog‘iston, Rossiya, hatto Suriyaga qadar yoyilishi mumkin. Radikalizmni bartaraf etish uchun nafaqat tashqi omillarni cheklash, balki iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy sohalarda ham chora-tadbirlarni amalga oshirish ahamiyatga ega.

O‘zbekiston ulkan turizm salohiyatiga ega. Samarqand, Buxoro kabi shaharlar turkiy dunyo tarixi jihatidan katta ahamiyat kasb etadi. Amir Temur avlodlarining diyori osmon ostidagi muzeyga o‘xshaydi go‘yo.

Iqtisodiy tomondan qaraganda, Turkiyada yetishtirilishi kamayib borayotgan paxta O‘zbekistonda hozirda ham katta miqdorda qayta ishlanib, eksport qilinadi. Ushbu o‘lka, shuningdek, Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgani tufayli Sharq va G‘arbni bog‘lovchi halqa misolidir.

O‘zbek-turk munosabatlari ham so‘nggi vaqtlarda ravnaq topib bormoqda. O‘zbekiston jamoatchiligi Turkiyaga yaqindan qiziqish bildirmoqda, ammo turk afkor ommasi uchun ayni holatni bildirmoq muhimdir. 

Shavkat Mirziyoyev islohotlari 

O‘zbekistondagi Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi so‘nggi yillardagi islohotlari bilan ijobiy taassurot uyg‘otmoqda. Sh.Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan amalga oshirilgan ishlar mintaqaga qiziquvchilarning eʼtiborini qozonmay qolmadi.

Mamlakatda boshqaruv tizimi boshdan-oyoq o‘zgartirilib, yangilandi. O‘lka dunyoga ochildi. Qo‘shni va mintaqadagi davlatlar bilan aloqalari, hamkorlikka intilishlari diqqatga sazovor. Mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy yangilanish g‘oyasi “Yangi O‘zbekiston” shiori ostida tilga olinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev saylov madaniyati, fuqarolik jamiyati subyektlarining ahamiyati, OAV faolligi masalalarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Gender huquqi, ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokiga ahamiyat berilmoqda. So‘nggi saylovlarda ayol deputatlar soni ikki barobar ko‘paydi.

Majburiy va bolalar mehnatini bartaraf etish masalalarini ham o‘z ichiga olgan Inson huquqlari milliy strategiyasi ishlab chiqildi. Kambag‘allikni kamaytirish, qashshoqlikka qarshi kurash, milliy manfaatlarga ustuvorlik beruvchi ochiq va pragmatik tashqi siyosat Prezident Shavkat Mirziyoyev maqsadlari sirasidan joy olgan.

Rasmiy Toshkentning ijobiy dinamikasi nafaqat ichki hayotda, balki qo‘shnilar bilan munosabatlarda ham namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbeklarning intiluvchanligiga qo‘shni davlatlar mutasaddilari ham qo‘shilib borayotganini eshitmoqdamiz. Turkiy tilning tamal toshlaridan bo‘lgan chig‘atoy lahjasini adabiy til holiga yetkazgan Alisher Navoiy ayni vaqtda Amir Temur davlatining zabardast vakillaridan biri edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining ertaga boshlanadigan Bosh Assambleyasida hamkorlik marralari, umidlari va mamlakatining tinchlikparvar maqsadlari haqida ilk bor Navoiy tilida dunyoga xitob qiladi.

Turkiya O‘zbekistondagi yangi va keng qamrovli o‘zgarishlarga yana-da ko‘proq eʼtibor berishi, hamkorlikni rivojlantirishi darkor.

“Jumhuriyat” gazetasi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech