O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi

Kuni kecha Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish bo‘yicha “COVAX” xalqaro mexanizmiga 172 davlat qo‘shildi. Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda.

Yana bir yangilik, JSST va uning Yevropa mintaqaviy byurosining faol aʼzosi sifatida O‘zbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi. Maʼlum qilinishicha, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha aʼzo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo bo‘lgan 53 davlatdan biri bo‘lib, tashkilot bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi. Tashkilotning 69-sessiyasida uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge o‘zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020 yil 10 fevral kuni aynan O‘zbekistondan boshlaganini alohida taʼkidlash lozim.

Shuningdek, 2019 yilning 20 may kuni bo‘lib o‘tgan JSSTning oliy organi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining JSST Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan.

Ushbu keng ko‘lamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgan. Hozirda JSST Yevropa mintaqaviy byurosining vaqillari Oleg Storojenko va Tanya Shmid yurtimizda bo‘lib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech