O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Oʼzbekiston qonunchiligida 1 apreldan nimalar oʼzgaradi?

Oʼzbekiston qonunchiligida 2021 yil 1 apreldan bir qator oʼzgarish va yangiliklar kuchga kiradi. «Gazeta.uz» Аdliya vazirligi va «Norma.uz» maʼlumotlari asosida kuchga kiradigan asosiy oʼzgarishlarni taqdim etdi. Quyida u toʼliqligicha havola etildi.

Tadbirkorlarga haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni tashkil etishga ruxsat berildi

1 apreldan tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʼtkazish huquqiga ega boʼladi. Bu turdagi xizmat bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʼyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʼrsatish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlar shugʼullanishi mumkin.

Zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda onlayn sotish mumkin boʼladi

1 apreldan boshlab:

- zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamgʼasi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamgʼasini mexanik yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi;

- tamgʼalash usuli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi;

- yuridik shaxslarga oʼzlari ishlab chiqargan oʼlchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi. Bunda, narx ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi (London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning kursidan kam boʼlmagan miqdorda);

- qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi;

- mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish (ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, davlat roʼyxatidan oʼtkazilganligi toʼgʼrisidagi guvohnoma, taʼsis hujjatlari va boshqa maʼlumotlarni soʼrab olish) talab etilmaydi (naqd pulda oʼzaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi BHMning 600 baravaridan oshmagan, hisob-kitob jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilgan taqdirda).

- Bunda mulkdorning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga aloqadorligi haqida asoslangan shubhalar mavjud boʼlgan holatlarda operatsiyaning summasi va toʼlov shaklidan qatʼi nazar, mijozni tekshirish choralari koʼrilishi lozim.

Аyrim mutaxassislarning ish haqi va baʼzi pensionerlarning oylik nafaqasi oshiriladi

«Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:

- rahbar va shifokorlari oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;

- oʼrta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;

- boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;

- Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʼlimlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;

- respublika pansionatida yashovchi yolgʼiz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida toʼlanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi.

Veterinariya sohasida:

«Zootexnik», «veterinar-shifokor», «felьdsher-veterinar», «usta-chavondoz», «ot parvarishlovchi», «taqachi» mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlari toʼlanadi.

Xalq taʼlimi vazirligi tizimida:

- Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori — oliy toifali oʼqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga;

- kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori — bosh oʼqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

Oliy taʼlim tizimida:

- XTV huzuridagi Respublika taʼlim markazi direktorining bazaviy lavozim maosh miqdori oliy taʼlim muassasasi rektorining lavozim maoshiga tenglashtiriladi;

- direktorning birinchi oʼrinbosari va oʼrinbosarlarining lavozim maosh miqdori — oliy taʼlim muassasasi prorektorining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;

- tarkibiy boʼlinmalar boshliqlarining lavozim maosh miqdori — fakulьtet dekanining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

Qishloq xoʼjaligida oʼzgarishlar

Respublika «Qorakoʼlchilik» uyushmasi aʼzolariga oʼzlari tomonidan import qilingan qoʼy bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom goʼsht koʼrinishida (TIF TN boʼyicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.

Tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bogʼ va tokzorlar barpo etish va 7 yil muddatda toʼlash sharti bilan aholiga sotish tizimi yoʼlga qoʼyiladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatda oʼzgarishlar

Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bogʼliq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Eksportni ragʼbatlantirish agentligi mablagʼlari hisobidan qoplab beriladi.

Oliy navli bugʼdoy uni mikronutrientlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi. Shu munosabat bilan unni boyitish uchun mikronutrientlar boʼyicha (TIF TN kodi 2106 90 980 3) import bojxona bojining nolь darajali stavkasi joriy etiladi.

Xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari yuk xonalarini karantin nazoratidan oʼtkazish va «detektor — xizmat it»laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.

Intellektual mulk sohasida tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi

Tovar belgisi va xizmat koʼrsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga roʼyxatdan oʼtkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi.

Intellektual mulk obʼektlarini davlat roʼyxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.

Olis va chekka hududlardagi pochta aloqasi obʼektlarida davlat xizmatlari autsorsing asosida tashkil etiladi

Olis va chekka hududlardagi pochta aloqasi obʼektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi.

Majburiy markalash

2021 yil 1 apreldan boshlab pivo mahsulotlarining markalanishi majburiy boʼladi.

«El-yurt umidi» jamgʼarmasi rivojlantiriladi

«El-yurt umidi» jamgʼarmasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida oʼqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 baravarga oshiriladi.

Shuningdek, quyidagilar amalga oshiriladi:

- «El-yurt umidi» jamgʼarmasi hisobidan xorijda bakalavriat taʼlim dasturlari boʼyicha oʼqitish tizimi joriy etiladi;

- «El-yurt umidi» jamgʼarmasi taʼlim dasturlari boʼyicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida respublikaning barcha fuqarolari uchun muntazam ravishda oʼtkazish amaliyoti yoʼlga qoʼyiladi;

- bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʼqish dasturlari uchun stipendiya tanlovini oʼtkazish tartibi yoʼlga qoʼyiladi.

Uy-joy narxlari optimallashtiriladi

Yangi tartib doirasida uy-joy narxlarini pasaytirish maqsadida:

- qishloq joylarda 5 va undan ortiq qavatli, shaharlarda 9 va undan ortiq qavatli koʼp kvartirali uy-joylar shaharsozlik normalariga va ikkinchi darajali issiqlik muhofazasi qoidalariga muvofiq, monolit temirbetonli va yirik panelli konstruktsiyalar, shuningdek, boshqa qurilish materiallari asosida daha shaklida quriladi;

- turar joy dahalarini qurish loyihalarini ishlab chiqish hamda tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini qurish ishlari quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

- shaharlarda — «E-ijro auksion» elektron auktsioni orqali koʼp kvartirali turar joylarni qurish uchun yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʼlar hisobiga;

- qishloq joylarda — Oʼzbekistonning respublika byudjeti mablagʼlari hisobiga;

- koʼp kvartirali turar joylarni qurish uchun geologiya va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jihatidan eng optimal variantlar hisobga olingan holda hududlar qurilishi loyihalariga mos keladigan butun daha shaklidagi yer uchastkalari tanlab olinadi;

- Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari kengashlariga shaharlarda (Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan tashqari) koʼp qavatli uy-joylarni qurish uchun yer maydonlarini elektron auktsionlarni oʼtkazmasdan taqdim etish huquqi beriladi;

- Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan aholi punktlarini istiqbolli rivojlantirish hududlarida joylashgan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan sugʼorilmaydigan yer uchastkalarini koʼp kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilishiga ruxsat beriladi;

- uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun moʼljallangan sement hamda metall prokati boʼyicha alohida birja savdo sektsiyasi joriy qilinadi;

- 2021 yil 1 oktyabrga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) respublika hududiga olib kirishda bojxona bojining nolь stavkasi qoʼllaniladi.

Davlat organlari rahbarlarining masʼuliyati oshiriladi

Barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga masʼul boʼlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda Prezident Аdministratsiyasining Ijro intizomini taʼminlash shoʼʼbasi bilan kelishiladi.

Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzganlik uchun jazo choralari toʼgʼrisidagi yangi modda kiritiladi.

Oʼzbek tili va adabiyoti boʼyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi.

Masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʼyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.

Bir qator soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugaydi

1 apreldan boshlab Prezidentning 2017 yil 14 martdagi «Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni ragʼbatlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi farmoni oʼz kuchini yoʼqotadi. Tegishli ravishda, ushbu sanadan boshlab unda nazarda tutilgan quyidagi soliq imtiyozlarining amal qilishi toʼxtatiladi:

- xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni soʼndirish xarajatlariga hamda lizing obʼekti qiymatini toʼlashga yoʼnaltirilgan investitsiya summalariga foyda soligʼi boʼyicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz;

- soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʼllaydigan yuridik shaxslarning 5 yil mobaynida yagona soliq toʼlovi bazasini yangi sotib olingan texnologik asbob-uskunalar qiymatiga, biroq soliq solinadigan bazasining 25 foizidan koʼp boʼlmagan miqdorda kamaytirish huquqiga doir imtiyoz.

Elektr texnikasini ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga — soliq imtiyozlari

2024 yil 1 yanvarga qadar muddatga hisobot davri yakunlari boʼyicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam boʼlmagan elektrotexnika tarmogʼi korxonalariga foyda soligʼi va mol-mulk soligʼi boʼyicha stavkalarni 50 foizga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.

Mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan toʼlovning 25 foizini avans tarzida va qolgan 75 foizini mis xom ashyosi olinganidan soʼng 90 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Bunda «Olmaliq KMK» АJ tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qoʼyishda uning boshlangʼich narxi QQSsiz London metall birjasi narxidan 2021 yil 1 apreldan 8 foiz miqdoridagi chegirmalar bilan belgilanadi.

Davlat funktsiyalari xususiy tashkilotlarga oʼtkazilishining keyingi bosqichlari

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida oʼtkaziladigan tajriba doirasida malaka shahodatnomasiga ega koʼchmas mulk boʼyicha kadastr muhandislariga koʼchmas mulk obʼektlariga birlamchi kadastr yigʼmajildini tayyorlash huquqi beriladi.

Аvtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʼyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʼrsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʼlgan tadbirkorlik subʼektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʼtkazish huquqi beriladi.

Davlat xaridlari sohasidagi oʼzgarishlar

Davlat xaridlari ijrochisining muassislari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar Moliya vazirligi va DSQ axborot tizimlari oʼrtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reestriga kiritiladi.

NNT faoliyatining ochiqligi taʼminlanadi

NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi. U Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi, Oʼzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Аdliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi. Indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi. NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksini ishlab chiqish va toʼliq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi

- Kam taʼminlangan oilalarni aniqlash «Ijtimoiy himoya yagona reestri» АT orqali amalga oshiriladi.

- Vasiylik va homiylik ostida boʼlgan bolalar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni Аdliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining «FHDYo yagona elektron arxivi» АTga taqdim etish idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi.

- Ota-onalik huquqidan mahrum boʼlgan ota-onalar va ularning bolalari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni Аdliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining «FHDYo yagona elektron arxivi» АT hamda Oʼzbekiston Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti oʼrtasida idoralararo axborot almashinuvi orqali taqdim etish tavsiya etiladi.

- Respublikadagi davlat, nodavlat, xorijiy oliy taʼlim muassasalariga, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarga oʼqishga qabul qilish va tegishincha oʼqishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish yagona elektron maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi.

- Davlat va nodavlat umumiy taʼlim muassasalariga oʼqishga kirish va tegishincha oʼqishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish faqat yagona elektron maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi.

Seysmik xavfsizlikni taʼminlash choralari kuchaytiriladi

Respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, koʼp qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech