O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun maʼqullandi

Oliy majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida  “O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, kasaba uyushmasi – fuqarolarning o‘z faoliyati yoki o‘qishi turi bo‘yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi 32,5 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlarni birlashtirgan, aʼzolar soni 5.5 millionni tashkil etib, ulardan 2,5 millioni ayollar hamda 2 milliondan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi  Qonun bilan ushbu tuzilmalarga qo‘shimcha huquqlar berilgan. Kasaba uyushmalari ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni tuzishda qatnashish, bandlik, mehnat muhofazasi masalalarida o‘zlarining fikrlarini davlat organlariga taqdimnoma shaklida kiritish kabi huquqlarga ega.

Yangi Qonun bilan 11 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kuni, deb belgilanishi xalqimizning ko‘p millionli vakillarini o‘zida birlashtirgan tizim xodimlarining hamjihatligi, birdamligini yana-da mustahkamlaydi.  

Ayni damda respublikamizda Qonun bilan tasdiqlangan 25 ta bayram belgilangan bo‘lib, 9 tasi dam olish kunlari, 16 tasi esa dam olmasdan nishonlanadigan kasb bayramlaridir.

Bu kabi bayramlar Avstriya, AQSH, Gretsiya, Indoneziya, Kanada, Latviya, Singapur, Fransiya, Xitoy, Shveysariya kabi davlatlarda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi MDH davlatlarida nishonlanib kelinmoqda.

Qonunning qabul qilinishi kasaba uyushmalari tashkilotlarini, eng avvalo, maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash, ularning yana-da samarali faoliyat yuritishni taʼminlash, tashkilot fidoyi xodimlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Bu esa mehnatkashlar huquqlari himoya qilinishi yuzasidan jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini  oshirishga zamin yaratadi.

Majlisda ushbu sana mehnatkashlar huquqlarining himoya qilinishiga davlat miqyosida katta eʼtibor berilayotganining yana bir ifodasi bo‘lishi alohida taʼkidlandi.

Senat aʼzolari mazkur Qonunni maʼqulladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech