O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston va Misr o‘rtasida yirik investitsiya loyihasi imzolandi

Joriy yilning 23 fevral kuni poytaxtimizning Hyatt  Regency Tashkent mehmonxonasida Misrning SOLYPHAR kompaniyasi bilan “Tabletkalar, qattiq jelatinli kapsulalar va dozalangan kukunlar shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qo‘shma loyiha Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdul-Fattoh as-Sisining 2018 yil 4-5 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshiriladi.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev va SOLYPHARM kompaniyasi Prezidenti Umar Muhammad Abdulalim Muhammad imzoladilar.

Imzolash marosimida, shuningdek, Misrning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmiy, Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Shoxrux Sharaxmetov, yirik mahalliy farmatsevtika kompaniyalari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etishdi.

Loyiha borasida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev Toshkent viloyatida barpo etilishi ko‘zda tutilgan korxona qiymati 20 million dollarni tashkil etishini aytdi.

- Yillik ishlab chiqarish quvvati 500 million dona tabletka, 200 million dona kapsula va 10 million dona sasheni tashkil etadi. Jami, 120 dan ortiq dori turlari ishlab chiqariladi. Yangi korxona Zarur ishlab chiqarish amaliyoti - GMR talablariga javob beradi.

Shuningdek, korxona ishga tushirilishi munosabati bilan 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yangi va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali mahalliy mutaxassislarni yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga tayyorlashni tashkil etish rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida marosim ishtirokchilari qo‘shma loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlarda muvaffaqiyatli natijalarga erishishga umid bildirdilar.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech