O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq kontingentni grippga qarshi emlash rejalashtirilyapti

Toshkent shahar SEOM immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Vazira Mutalova AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga qarshi kurashish haqida gapirdi.

«Respublikamizda aholi o‘rtasida tahdid guruhiga mansub kontingent – aholi bilan bevosita muloqotda ishlaydigan tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlari orasida bugungi kunda gripp va uning asoratlari, pnevmoniya kasalliklarining oldini olish borasida O‘zbekiston prezidentining «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4815-sonli qarori asosida 2020 yilning 1 oktyabridan boshlab grippga qarshi bepul emlash ishlarini olib borish belgilangan.

Ushbu tadbirni amalga oshirish uchun bugungi kunda Davlat sanitariya xizmati tomonidan o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari va maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlari sonini aniqlash, ularning ro‘yxatini tuzish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublika bo‘yicha 516 ming 174 nafar o‘qituvchilar, maktabgacha taʼlim muassasalarining 223 ming 426 nafar xodimlari hamda 534 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari – yaʼni, 1 million 273 ming nafardan ortiq kontingentni grippga qarshi emlash rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha 4 ming nafar vaksinatorlar mavjud bo‘lsa, ularning dublyorlari bilan 8 ming nafardan ortiq emlash hamshiralari ushbu tadbirlarni olib borish uchun seminar mashg‘ulotlari olib borildi.

Sentyabr oyida davlatimiz tomonidan 1 million ortiq grippga qarshi vaksina olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Emlash xavfsizligiga to‘liq erishish uchun maktablar, maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tibbiyot xonalari hamda maktab, maktabgacha taʼlim muassasalariga yaqin joylashgan oilaviy poliklinikalarning emlash xonalarida ushbu tadbirlarni amalga oshirish tashkillashtirilmoqda», dedi Vazira Mutalova.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech