O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekistonda sanoat uchun kannabis yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha klaster tashkil qilinishi mumkin

30 noyabr kuni Xorazm viloyati hokimligi, mahalliy Global Food Impeks kompaniyasi vakillari va AQSHning Sangita Capital Partners rahbari Toni Sansone ishtirokida videokonferensiya o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasiga tayanib “Xalq so‘zi” nashri xabar berdi.  

Muzokaralar davomida amerikalik tadbirkor O‘zbekistonda sanoat uchun kannabis yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha klaster tashkil qilishga tayyorligini bildirgan.

Taʼkidlanishicha, amerika kompaniyasi urug‘ni yetkazish va uni qayta ishlash texnologiyasi, O‘zbekistonga malakali agronomlarni yuborish, shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulotning eksporti bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

Loyihaning birinchi bosqichida 2021 yil martidan boshlab 3-5 gektar maydonda kannabis yetishtirish tashkillashtiriladi. Shu bilan bir vaqtda, kannabisni qayta ishlovchi zavod qurilishi olib borilishi rejalashtirilmoqda.

Muzokaralar yakunida, tomonlar joriy yilning dekabr oyi oxiriga qadar birgalikda loyihaning biznes-rejasini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Avvalroq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Melabis kompaniyasi (Malta) o‘rtasida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida 3000 gektar maydonga sanoat uchun kannabis yetishtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech