O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekistonlik mutaxassislar xitoylik hamkasblari bilan mamlakatimizda koronavirusga qarshi vaksinani klinik sinovlarining uchinchi bosqichini o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar

Shu kunlarda O‘zbekiston va Xitoy sog‘liqni saqlash tizimi vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi - SARS-CoV2 koronavirusiga qarshi Xitoy vaksinasining uchinchi bosqichi klinik sinovlarini o‘tkazish imkoniyatlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining yetakchi mutaxassislari, Toshkent vaksinalar va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rahbariyati va mutaxassislari, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi vakillari ishtirok etdilar.

Xitoy tomonidan Pekin xalqaro savdo-iqtisodiy kompaniyasi COAG va Sinopharm korporatsiyasi rahbariyati hamda yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida, Xitoy tomoni, Xitoy Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xitoy milliy biotexnika guruhi tarkibiga kiradigan Uxan biologik mahsulotlar instituti va Pekin biologik mahsulotlar instituti hozirda koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinaning so‘nggi uchinchi bosqich klinik sinovlarida ekanligini aytib o‘tdi.

Preparat klinik sinovlarining birinchi va ikkinchi bosqichlari aprel oyining oxirida 1100 dan ortiq ko‘ngillilar ishtirokida o‘tkazilgan. Klinik sinovlar vaksinaning “jiddiy salbiy taʼsiri” yo‘q ekanligi va uning xavfsiz ekanligini ko‘rsatgan. Sinovda ishtirok etgan ko‘ngillilarning barchasida antitanachalar shakllanishi yuqori darajadaligi qayd etilgan.

Iyun oyida Xitoyning Milliy dori vositalari maʼmuriyati Uxan tadqiqotchilariga uchinchi bosqichga o‘tishga ruxsat berdi. Shuningdek, Xitoy tomonining taʼkidlashicha, hozirgi paytda 30ga yaqin mamlakat ularda klinik sinovlarning uchinchi bosqichini o‘tkazishga qiziqish bildirgan va hozirda Xitoy tomoni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Onlayn-uchrashuv yakunida Xitoy tomoni O‘zbekistonda klinik sinovlarning uchinchi bosqichini o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish hamda ularga O‘zbekiston aholisining vaksinaga bo‘lgan ehtiyoji va shu asosda vaksinani xarid qilish masalasi borasida maʼlumot taqdim etish taklifini bildirdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni klinik tadqiqotlar natijalarini o‘rganish va kelgusidagi hamkorlik tafsilotlarini muhokama qilish uchun qo‘shma O‘zbekiston-Xitoy ekspertlik guruhini tuzishni taklif qildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech