O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Pandemiya davrida maktablarga qo‘yiladigan sanitariya talablari belgilandi

“O‘zbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o‘rta taʼlim maktablari va o‘rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi va hisobga olindi.

Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha umumtaʼlim maktablari va maxsus maktab internatlarning xavfsiz ish muhitini taʼminlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.

Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

➖ mashg‘ulotlarni soat 8:00 dan so‘ng boshlash va 17.30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi, mashg‘ulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;
➖ pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yig‘ilishlar, konsertlar, tug‘ilgan kunlar va shu kabilar) o‘tkazish vaqtincha to‘xtatiladi;
➖ barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;
➖ maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari/masʼul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” bo‘yicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishi jurnal yuritiladi;
➖ “ertalabki filtrlash” jarayonidan so‘ng, o‘quvchilar kirish joylarida o‘rnatilgan maxsus dispenserdan antiseptik vosita yordamida qo‘llarini zararsizlantiradilar;
➖ niqob/respiratorsiz maktabga kirishiga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida har 8 soatda o‘zgartirilishi lozim;
➖ sinflarda har bir o‘quvchiga 2 m² dan kam bo‘lmagan maydon bo‘lishi talab etiladi;
➖ pandemiya paytida maktab oshxonalari o‘z ishini amaldagi sanitariya meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;
➖ yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan o‘quvchilar/maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyatsiya qilinishlari shart.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pandemiya davrida bog‘chalarga qo‘yiladigan sanitariya talablari Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, hisobga olingan edi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech