O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Pandemiya sharoitida dorixona xodimlari qanday qoidalarga rioya qilishlari shart?

Yangi tahrirdagi vaqtinchalik sanitariya qoida va meʼyorlarida COVID-19 pandemiyasi sharoitida dorixonalarning faoliyatini qanday tashkil etish, shuningdek, dorixonalarda ishlovchi xodimlar amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalar belgilab berildi.

Unga ko‘ra dorixonalar xodimlari quyidagi qoidalarga rioya qilishlari shart:

– ish boshlashdan oldin uy kiyimi va poyafzallarni almashtirish;

– ish boshlashdan oldin, sanitariya kiyimlarini (xalat, qalpoq) va oyoq kiyimlarini kiyish, qo‘lni yuvish (kamida 20 soniya) va qo‘llarni dezinfeksiya qilish, shaxsiy himoya vositalarini kiyish;

– hojatxonaga borishdan oldin, xalatni yechib, tashrif buyurgandan so‘ng qo‘lni yaxshilab yuvish va dezinfeksiya qilish;

– sanitariya kiyimlari va poyafzallarda dorixonadan tashqariga chiqmaslik;

– dorixona xodimlari yuzlariga niqob (respirator) va qo‘llariga lateks qo‘lqop kiyishlari kerak.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi vaqtinchalik sanitariya qoida va meʼyorlarida dorixona va dorixona omborlarining xonalari toza saqlanishi kerakligi, vaqti-vaqti bilan (kuniga kamida bir marta) ruxsat etilgan yuvish va dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda namli tozalov o‘tkazish shart ekani, xizmat ko‘rsatish zonasidagi dorixona xodimlarining ish joylari ishchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo-tomchi infeksiyalaridan himoya qiladigan qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Dorixonaga kirishda, hojatxonaning kirishida, dezinfeksiya eritma bilan namlangan kauchuk to‘shamalar bo‘lishi kerak.

Yordamchi xodimlar xonasida qo‘llarini yuvish uchun va hojatxonada umivalniklar (yuvish idishlari) o‘rnatilishi kerak, ular tirsakli (yoki sensorli) kranlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Umivalnik yonida dezinfeksiyalash vositalari, elektr quruq xavo uskunasi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Dori-darmonlarni qadoqlash bilan shug‘ullanmaydigan shaxslarga ishlab chiqarish korxonalarida umivalniklardan foydalanish taqiqlanadi.

Profilaktik dezinfeksiyalash uchun dorixona (shoxobchalar) ko‘chma kvars lampasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.

Dorixonada ishlab chiqarish xonalarida ovqatlanish taqiqlanadi. Ishlab chiqarish xodimlariga shaxsiy buyumlarni ish joylarida va xalat cho‘ntagida saqlashga ruxsat berilmaydi, toza ro‘molcha bundan mustasno. Dori moddalarni ishlab chiqarish, nazorat qilish, qadoqlash bilan shug‘ullanadigan shaxslar tirnoqlarini qisqa olishlari, lak bilan bo‘yamasliklari va barmoqlariga uzuklar taqmasliklari kerak.

Sanitariya kiyimlari va sanitariya poyafzallari dorixona xodimlariga amaldagi meʼyorlarga muvofiq beriladi. Sanitariya kiyimlarini almashtirish haftasiga kamida 2 marta, kerak bo‘lsa, navbatdan tashqari amalga oshirilishi kerak. Buning uchun har bir dorixona xodimiga kamida ikki to‘plam ish kiyimlari berilishi kerak. Dori vositalarini ishlab chiqarish va qadoqlash bilan shug‘ullanadigan ishchilar, smena boshlanishidan oldin shaxsiy foydalanish uchun toza sochiqlar bilan taʼminlanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, ushbu vaqtinchalik sanitariya qoida va meʼyorlari COVID-19 infeksiyasi tarqalishi bo‘yicha epidemiologik vaziyatni keskinlashuvi davrida ishchi va xodimlarni salomatligini himoya qilish uchun maqbul mehnat sharoitini va mehnat jarayonini tashkil etish bilan atrof muhitni hamda mehnatni muhofaza qilishga qaratilgan profilaktik tadbirlarini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ular davlat idoralari va tashkiliy – huquqiy, mulkchilik shaklidan va idoraviy bo‘ysunuvidan qatʼiy nazar boshqa tashkilotlarga qo‘yiladigan gigiyenik talablarni belgilaydi, Ushbu sanitariya qoidalari yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga xam taalluqli bo‘lib, barcha tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiydir. Tashkilot rahbari sanitariya qoidalariga rioya etish bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadi.

Sanitariya qoidalarini buzganlik O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech