O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qashqadaryoga “COVID-19”ni uch soatda aniqlovchi tibbiyot uskunalari olib kelindi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev topshirig‘i va Dehqonobod hokimi Zoir Aliqulov tashabbusi bilan Dehqonobod tumaniga koronavirusni uch soatda aniqlovchi ikkita PZR apparati olib kelindi. Bu haqda “Daryo” internet nashri maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Dehqonobod hokimi Zoir Aliqulov 19 oktyabr kuni tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi hamda xususiy klinikada bo‘lib, ana shu tibbiyot uskunalarining ishlash jarayoni bilan tanishgan.

«Mazkur PZR apparati bir vaqtning o‘zida 96 nafar kishidan olingan analizni tekshirib, uch soatda natijasini maʼlum qiladi. Demakki, kuniga 500 nafar kishidan analiz olib, natijasini aniqlab berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Biroq yurtdoshlarimiz kutib qolmasliklari uchun ularga bir kunda natijasini chiqarib beramiz», — deydi klinika rahbari Xayriddin Qurbonov.

Hokimlikning aniqlik kiritishicha, Xayriddin Qurbonov rahbarligidagi ish 810 million so‘mga tushgan va mazkur mablag‘ tadbirkorga imtiyozli davr va foizi bilan kredit sifatida berilgan.

«Mazkur tibbiyot uskunasi viloyatda sanoqli bo‘lib, Koson tumani, Shahrisabz va Qarshi shaharlaridagina mavjud edi. Endilikda Dehqonobod tumaniga ham bir emas, ikkita uskuna olib kelindi», — deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, Zoir Aliqulov tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limida ham bo‘lib, koronavirusdan davolanayotgan bemorlar holidan xabar olgan. Bemorlarga xizmat ko‘rsatayotgan kislorod ballonlarining sifatini ko‘zdan kechirib, xavfsizlik qoidalariga amal qilinishi lozimligini taʼkidlagan.

«Gulistondagi holat har birimiz uchun xulosa qilishga arzirli voqea bo‘ldi. Biz bemorlar sog‘lig‘ini tiklash barobarida, ularga xizmat ko‘rsatayotgan texnikalar xavfsizligiga ham eʼtibor qaratishimiz lozimligini bildik va ko‘rdik. Shuning uchun har biringiz bu ishga masʼuliyat bilan yondashishingiz kerak», — degan hokim masʼullar bilan muloqotda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech