O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ramazon oyida qanday ovqatlanish zarur? Saharlik dasturxonidan nimalar joy olgani maʼqul? JSST bu bo‘yicha o‘z tavsiyalarini eʼlon qildi

Ramazon oyida noto‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘zadorlar uchun sog‘lom ovqatlanish yuzasidan o‘z tavsiyalarini ishlab chiqdi. Ularga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin.

Ko‘p miqdorda suv iching!

Bu yil odamlar kuniga o‘rtacha 14−15 soat davomida ro‘za tutishlariga to‘g‘ri keladi. Kunduzi havo harorati yuqori bo‘lgan paytda salqin va soyali joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi.

Iftorlik va saharlik oralig‘ida ko‘p miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Kunduzi havo harorati yuqori bo‘lishi ko‘p terlashni keltirib chiqarishi mumkin.

☑️ Shu bois kun davomida yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.
☑️ Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu meʼyorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida ho‘l mevalardan yeyish foydali.
☑️ “Achiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv neʼmatlar hisoblanadi.

Sho‘rva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham isteʼmol qilish mumkin.

Tarkibida kofein mavjud bo‘lgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan maʼqul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishi (degidratsiya)ga olib keladi.

Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy bo‘lishini esdan chiqarmaslik zarur.

Kun davomida juda ko‘p harakat qilish organizmning ko‘p miqdorda suv yo‘qotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun bo‘yi harakatsiz o‘tirish ham tavsiya qilinmaydi.

Saharlik dasturxonidan nimalar joy olgani maʼqul?

Avval xabar qilganimizdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ramazon oyida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ishlab chiqdi. Bu qismda saharlik dasturxoni uchun taomnomani tuzish yuzasidan maslahatlar keltiriladi.

Qayd etilishicha:

☑️ “og‘izni yopish”dan oldin ovqat yeyish lozim. Saharlik paytida yengil taomlaning. Bu ayniqsa ro‘za tutishni maqsad qilgan katta yoshdagi insonlar, o‘smirlar, homilador ayollar, emizikli farzandi bor onalar hamda bolalar uchun ham muhim!
☑️ Yengil nonushta sifatida sabzavotlar, tarkibida uglevod mavjud bo‘lgan donli nonlar yoki bulochkalar, sut mahsulotlari (tuzsiz pishloq, suzma, sut) va/yoki tuxum kabi oqsilga boy neʼmatlarni isteʼmol qilish foydali.

Sekinroq va mayda chaynab ovqatlangan maʼqul. Ko‘p miqdordagi tanavvul jig‘ildon qaynashi va bezovtalikka sabab bo‘ladi.

Saharlik uchun JSST tavsiyalari:

☑️ ikki burda non;
☑️ sabzavotli omlet yoki yaxshi qaynatilgan tuxum;
☑️ to‘g‘ralgan sabzavotlar;
☑️ pishloq yoki sut mahsulotlari;
☑️ choy;
☑️ yetarli miqdorda suv ichishni unutmang!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech