O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi

Referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 10 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3242) 

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ–4554-son “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish davrida ishlab chiqarilgan dori vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.

Referent narx shakllantirish tizimi doirasida narxlarni qayd etish dori moddalari (substansiyalar), kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan Orfan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalariga hamda cheklangan narxlar qayd etilgunga qadar sertifikatlashtirilgan dori vositalariga tatbiq etilmaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

referent narx shakllantirish tizimi – dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining xuddi shunday faol moddaga ega dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasida sotish narxlarini tahlil qilish natijasi asosida har bir savdo nomi uchun cheklangan narxlarni qayd etish tizimi;

referent mamlakatlar – Jahon bankining aholi jon boshiga nisbatan yalpi ichki mahsulotning hisoblangan daromadlar darajasidan yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi O‘zbekiston Respublikasi bilan makroiqtisodiy jihatdan taqqoslanadigan mamlakatlar;

dori vositalarining cheklangan narxlari (bundan buyon matnda cheklangan narxlar deb yuritiladi) – dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun referent narx shakllantirish tizimi doirasida qayd etilgan narx;

cheklangan narxlar reyestri – dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun qayd etilgan cheklangan narxlar va ularga cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash yo‘li bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarning elektron (onlayn) reyestri;

avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) – arizalarni qabul qilish, referent narx shakllantirish tizimi doirasidagi maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash, cheklangan narxlarni qayd etish va cheklangan narxlar reyestrini yuritish uchun mo‘ljallangan maxsus elektron tizim;

vakolatli organ – cheklangan narxlarni qayd etish va qayta qayd etish uchun masʼul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;

ishchi organ – cheklangan narxlarni qayd etish uchun arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish hamda axborot tizimining uzluksiz va barqaror ishlashini taʼminlash uchun masʼul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi;

ariza – dori vositalarining cheklangan yoki ilgari qayd etilgan cheklangan narxlarini qayta qayd etish haqidagi murojaat;

ariza beruvchi – dori vositalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik  guvohnomasi egasi bo‘lgan yuridik shaxs yoki uning ishonchli vakili;

mahalliy ishlab chiqaruvchi – O‘zbekiston Respublikasida dori vositalarini ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxs;

mahalliy dori vositalari – O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari;

import dori vositalari – xorijiy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilib, O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilgan va ushbu hududdan qaytarib olib chiqish majburiyatisiz erkin muomalaga chiqarilgan dori vositalari;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasi (bundan buyon matnda guvohnoma deb yuritiladi) – dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat berilganligini tasdiqlovchi hujjat.

3. Vakolatli organ doimiy tarzda Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z rasmiy veb-saytida xronologik tartibda qayd etilgan va qayta qayd etilgan cheklangan narxlar haqidagi maʼlumotlarni joylashtirib boradi. Bunda avvalgi maʼlumotlar saqlangan holda o‘zgartirishlar kiritiladi va cheklangan narxlar haqidagi maʼlumotlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.

4. Qayd etilgan cheklangan narxlar haqidagi maʼlumotlar axborot tizimida besh yil davomida saqlanadi.

2-bob. Cheklangan narxlarni qayd etish va qayta qayd etish

5. Ariza beruvchi cheklangan narxlarni qayd etish va qayta qayd etish uchun elektron raqamli imzo bilan axborot tizimiga kiradi, shundan so‘ng real vaqt rejimida cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini (xat, shartnoma yoki ishonchnoma) hamda cheklangan narxlar qayd etiladigan O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan dori vositalari ro‘yxatini yuboradi.

6. Ishchi organ ariza qabul qilingan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida ariza beruvchining guvohnoma egasi yoki uning ishonchli vakili ekanligini tekshiradi.

Ishchi organ ariza beruvchini haqiqatdan ham guvohnomaning egasi yoki uning ishonchli vakili ekanligini tasdiqlagandan so‘ng uni axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazadi va bu haqidagi maʼlumotni darhol ariza beruvchiga axborot tizimi yoki elektron pochta manzili orqali yuboradi.

Ariza beruvchi axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng arizada ko‘rsatilgan dori vositalariga cheklangan narxlarni qayd etish uchun maʼlumotlarni kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Agarda ariza beruvchining guvohnoma egasi yoki uning ishonchli vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjatlari noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan bo‘lsa, ishchi organ ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilganligi to‘g‘risidagi elektron xabarni darhol axborot tizimi orqali ariza beruvchiga jo‘natadi.

7. Ariza beruvchi (mahalliy dori vositalari uchun) axborot tizimi orqali ishchi organiga dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida belgilangan cheklangan narxlarni axborot tizimiga kiritadi.

8. Ariza beruvchi (import dori vositalari uchun) axborot tizimi orqali ishchi organiga dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun ariza beruvchining xati bilan tasdiqlangan quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:

mazkur Nizomning ilovasida ko‘rsatilgan aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi referent mamlakatlarga Inkoterms xalqaro qoidalarining CIP (tashish va sug‘urta haqi to‘langan)  shartida (bundan buyon matnda Inkoterms CIP sharti deb yuritiladi) dori vositalarini yetkazib berish narxlari;

dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatda distribyuterlar uchun ushbu mamlakat valyutasida belgilangan narxlar;

so‘nggi olti oy davomida import kilingan dori vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish valyutasida belgilangan shartnomaning Inkoterms CIP sharti asosida ko‘rsatilgan narxlari.

Agarda mazkur bandning ikkinchi – to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan narxlarni taqdim etish imkoni bo‘lmasa, ariza beruvchi tomonidan taqdim etish imkoni yo‘qligining aniq sabablari ko‘rsatib o‘tiladi va qayd etilishi lozim bo‘lgan cheklangan narxlar taklifi kiritiladi.

9. Axborot tizimi import dori vositalari narxlari bo‘yicha maʼlumotlarni qabul qilib, quyidagilarni avtomatik tarzda hisoblab chiqadi:

so‘ngi olti oy davomida import kilingan dori vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish valyutasida belgilangan shartnomalarning Inkoterms CIP sharti asosida ko‘rsatilgan narxlarning o‘rtacha miqdori;

dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatdagi distribyuterlar uchun ushbu mamlakat valyutasida belgilangan narxga mahsulot narxining 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan sug‘urta va transportda tashish xarajatlari qo‘shilgan hamda referent mamlakatlardagi narxlarning umumlashtirilgan o‘rtacha miqdori.

Axborot tizimi mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha hisoblangan o‘rtacha miqdorlardan eng kam miqdorni, ariza to‘ldirilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha ariza beruvchining tanloviga asosan AQSH dollari, yevro yoki Rossiya rublida cheklangan narxlar sifatida qabul qilishni tavsiya etadi.

10. Ariza beruvchi axborot tizimi orqali tavsiya etilgan cheklangan narxlarni tasdiqlash yoki rad etish huquqiga ega.

11. Agarda ariza beruvchi axborot tizimi orqali tavsiya etilgan cheklangan narxni tasdiqlashni rad etsa, u holda o‘zi tomonidan kiritilgan cheklangan narxni qaytadan ko‘rib chiqishi hamda arizani takroran topshirishi mumkin.

12. Ishchi organ axborot tizimi orqali yetti ish kuni ichida arizani ko‘rib chiqib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan cheklangan narxlarni qayd etish uchun vakolatli organga tavsiya beradi.

13. Axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar to‘liq bo‘lmasa yoki taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga aniqlik kiritish zarurati mavjud bo‘lsa, ishchi organ kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risidagi xabarnomani darhol ariza beruvchiga yuboradi.

14. Ishchi organ tomonidan xabarnoma yuborilgan kundan boshlab yigirma ish kuni ichida ariza beruvchi hujjatlardagi noaniqliklar va kamchiliklarni bartaraf etgan holda ikki martagacha cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd etish uchun arizani topshirishi mumkin.

15. Ishchi organ tomonidan talab qilingan maʼlumotlar axborot tizimiga o‘z vaqtida kiritilmasa yoki to‘liq bo‘lmasa, kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi uchinchi xabarnomadan so‘ng vakolatli organ cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd etishni rad etadi va bu haqidagi maʼlumotni darhol ariza beruvchiga yuboradi.

16. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilgandan so‘ng vakolatli organ ishchi organning tavsiyasiga binoan uch ish kuni ichida taklif etilgan cheklangan narxlarni qayd etadi yoki qayta qayd etadi hamda cheklangan narxlar reyestriga kiritadi.

17. Import qilinadigan, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori vositalarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Import qilinadigan dori vositalarining sotib olingan qiymati quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:

SOQ = Shn + B + Bx, bunda:

SOQ – import qilingan dori vositalarining sotib olingan qiymati;

Shn – Inkoterms CIP shartlarida O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan dori vositalarining bojxona yuk deklaratsiyasi to‘ldirilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida belgilangan shartnomadagi narxi;

B – O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisoblangan bojxona to‘lovlari;

Bx – boshqa xarajatlar (shartnomadagi Inkoterms CIP shartida ko‘rsatilgan narxning 1 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda).

18. O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan dori vositalarining narxlari cheklangan narxlardan yuqori bo‘lmasligi kerak.

Agarda shartnoma narxi cheklangan narx ko‘rsatilgan valyutada bo‘lmasa, unda shartnomaning bojxona yuk deklaratsiyasi to‘ldirilgan kundagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha AQSH dollarida qayta hisoblangan narxi cheklangan narxdan yuqori bo‘lmasligi kerak.

19. Cheklangan narxlar reyestri axborot tizimida qayd etilgan cheklangan narxlarni, shuningdek ariza to‘ldirilgan kunga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash yo‘li bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarni aks ettiradi.

20. Ariza beruvchi vakolatli organ tomonidan cheklangan narxlar qayd etilgan sanadan eʼtiboran uch oydan kam bo‘lmagan muddatda cheklangan narxlarni qayta qayd etish uchun ariza topshirishga haqli.

  • Cheklangan narxlarni uch oydan kam bo‘lgan muddatda qayta qayd etish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

  • cheklangan narxlarni qayta qayd etish uchun ariza topshirilgan sanada cheklangan narx qayd etilgan sanaga nisbatan chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasiga nisbatan kursining kamida 5 foizga o‘sishi;

  • dori vositalari ishlab chiqariladigan mamlakatda yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarining yuz berishi.

21. Ariza beruvchi tomonidan noto‘g‘ri yoki ishonchli bo‘lmagan maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlansa, cheklangan narxlar reyestrida ko‘rsatilgan dori vositalarining narxlari darhol ushbu reyestrdan chiqariladi.

22. Ishchi organ ariza beruvchi tomonidan cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd etish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarni oshkor qilishi mumkin emas.

3-bob. Yakuniy qoidalar

23. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

24. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan kelishilgan.

Referent narx shakllantirish tizimi
doirasida dori vositalari narxlarini
qayd etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA

Aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi
yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan
davlatlar guruhiga kiruvchi referent mamlakatlar

RO‘YXATI

 

1. Vengriya

2. Rossiya Federatsiyasi

3. Ukraina

4. Polsha Respublikasi

5. Tojikiston Respublikasi

6. Sloveniya Respublikasi

7. Qozog‘iston Respublikasi

8. Bolgariya Respublikasi

9. Belarus Respublikasi

10. Qirg‘iziston Respublikasi

 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar bizning @Uzpharm_agency telegram-kanalida

Manzilimiz: 100084 Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 1-A uy.

Telefon:  (998 71) 203-81-81

Elektron manzil: farmagentlik@minzdrav.uz

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech