O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ro‘zadorlar kunduzi emlansa ro‘zasi buzilmaydimi? Bu haqda Muqaddas islom dinida nima deyilgan?

Shu kunlarda yurtimizda koronovirusga qarshi ommaviy emlash ishlari ketmoqda. Bu ish Ramazon oyida ham davom etadi. Kunduzi olingan emlash ro‘zani buzadimi, yo‘qmi?

Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bugungi kundagi to‘rt mazhab ulamolari teri osti, mushaklar orasi yoki yonboshga ukol qilish bilan ro‘za buzilmasligiga ittifoq qilishgan. Chunki ro‘zani yeb-ichish maʼnosidagi narsalar buzadi. Yeb-ichish esa odatiy yo‘llar orqali bo‘ladi. Teri teshiklaridan yoki noodatiy yo‘llardan terining orasiga biror narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (tomirdan chaqsa ham), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv o‘tishi ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.

Bu haqda “Al-Fatovo al-hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَمَا يَدْخُلُ مِنْ مَسَامِّ الْبَدَنِ مِنْ الدُّهْنِ لَا يُفْطِرُ هَكَذَا فِي شَرْحِ الْمَجْمَعِ
“Terining orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi. “Sharhul Majmaʼ”da shunday keltirilgan” Iqtibos tugadi.

Endi aynan koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvolarga binoan ro‘zador holda ham uni olish joiz, bu ish ro‘zani buzmaydi.

Ramazon oyida emlashga to‘g‘ri kelishi sababli bu masalada bir qancha fatvo uyushmalari o‘z fatvolarini eʼlon qilishdi. Jumladan: Kuvayt vaqf vazirligi, Iordaniya fatvo uyushmasi, Saudiya umumiy muftiysi va katta ulamolar hayʼati raisi Shayx Abdulaziz Oli Shayx, Azhar xalqaro elektron fatvo markazi, "Dorul ifto" (Misr) fatvo markazi ro‘zador kishi emlash olishi ro‘zani buzmasligiga fatvo berdilar. Chunki ro‘zani buzuvchi narsalar odatiy yo‘llardan kirib, oshqozonga yetib boradi. Emlashda esa yeb-ichish maʼnosi yo‘q va u odatdagi yo‘llardan tanaga kirmaydi. Balki noodatiy bo‘lgan teri ostidan kirib boradi. Bu ro‘zani buzmaydi. Vallohu aʼlam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hayʼati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech