O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sardobada tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun kannabis yetishtiriladi

Joriy yilning 14 noyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Melabis kompaniyasi (Malta) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqida www.yuz.uz sayti xabar bermoqda.

Mazkur hujjat asosida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida 3000 gektar maydonga sanoat uchun kannabis yetishtirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Dastlabki yilda 500 gektar maydonga kannabis ekish ko‘zda tutilgan bo‘lib, keyingi 3 yil ichida kannabis ekin maydonini 3 ming gektargacha kengaytirish reja qilingan. 

Markaziy Osiyo iqlimi kannabis o‘simligini yetishtirish uchun qulay bo‘lib, uni yetishtirishga paxtaga qaraganda 10 marta kamroq suv sarflanadi va undan faqatgina tibbiy maqsadlarda foydalanish ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘simlik sanoat sharoitida qayta ishlanib, tayyor mahsulot shakliga keltirilganda uning tarkibidagi tetragidrokannabinol (THC) atigi 0,1%-0,2%ni tashkil qilishi va bu undan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olishi hamda mahsulotning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) talablariga to‘la mos kelishi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, Sirdaryoda yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan mazkur loyihani amalga oshirishga 33 mln. dollar boshlang‘ich investitsiya kiritiladi. Loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, Sirdaryoda yuqori texnologiyali zavod va xom ashyoni qayta ishlaydigan tegishli laboratoriyalar quriladi, shuningdek, 100 ta ish o‘rni yaratiladi. Tayyor mahsulotlarni esa Yevropa Ittifoqi davlatlariga ham eksport qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kannabis – tarkibida 0,2 foizgacha miqdorda tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud bo‘lgan o‘simlik hisoblanadi. Albatta bunda mazkur faoliyatni amalga oshirishga tegishli litsenziyaga asosan ruxsat etiladi.

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish va tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirilishiga va muomalada bo‘lishiga ruxsat etilgan kannabis o‘simligining navlari, ularning yetishtirilish va muomalada bo‘lish shartlari Hukumat tomonidan belgilab berilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech