O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sifati kafolatlanmagan dori vositalarining navbatdagi noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Yurtimizda pandemiya sabab dori va dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoj oshgan bir paytda noqonuniy daromad olish ilinjida bo‘lgan fuqarolar afsuski hamon uchrab turibdi. Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda dori vositalaring noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tezkor tadbir davomida, “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtotransport vositasi haydovchisi fuqaro M.P. xorijda ishlab chiqarilgan va respublika hududiga olib kelinganligini tasdiqlovchi xujjatlari bo‘lmagan, qiymati 60 million so‘mlik 10 dona “Aktemra 20mg/20ml” nomli dori vositalarini 2150 AQSH dollari evaziga “shartli xaridor”ga sotayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

Shuningdek, yana bir holatda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.A. xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday xujjatlari bo‘lmagan, qiymati 41,7 million so‘mlik 694 dona “Kleksan 4000” nomli dori vositalarini 3850 AQSH dollari evaziga “shartli xaridor”ga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

“S.Najimov” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ham sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Qo‘shni davlatdan kirib kelgan, fuqaro S.I. boshqaruvidagi “Mercedes-Benz 2541” rusumli avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtoulov kabinasida yo‘l yuk-kuzatuv hujjatlarida hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, og‘zaki so‘rovda maʼlum qilinmagan, horijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 10  million so‘mlik, 40 quti “Lianhua Qingwen Jiaonang” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech